Yandex Go ilovasida servis buyurtmalari vaqtida avtotransport vositalari tezligini avtomatik monitoring qilish texnologiyasi ishga tushirildi.

«Gazeta.uz»ga matbuot xizmatining xabar berishicha, bu kompaniyaning o‘z ishlanmasi bo‘lib, monitoring servis mavjud bo‘lgan barcha yetti shaharda ishlaydi.

Bunda, haydovchi buyurtmani amalga oshirish paytida texnologiya uning yo‘lini kuzatish va harakat tezligini aniqlash uchun GPSdan foydalanadi. Mazkur tezlik marshrutlarni qurish uchun ishlatiladigan navigator bo‘yicha ushbu yo‘l kesimida ruxsat etilgan maksimal tezlik bilan taqqoslanadi.

Haydovchi belgilangan tezlikdan oshib ketgan taqdirda tizim haydovchini uning ilovasi orqali bu haqda ogohlantiradi.

Texnologiya signal bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shovqinlar, jumladan koordinatalardagi kutilmagan o‘zgarishlarni hisobga oladi va ularni inobatga olmasligi mumkin. Bir nechta ogohlantirishlardan so‘ng, algoritm haydovchining xizmat ko‘rsatish buyurtmalariga kirishini vaqtincha cheklaydi.

«Biz O‘zbekiston shaharlarida xavfsizlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratamiz. Yangi texnologiya haydovchilarga belgilangan tezlikni nazorat qilish va yo‘l-transport hodisalari xavfini kamaytirishga yordam beradi. Boshqa mamlakatlarda avval tezlikni oshirib yurgan haydovchilarning 70 foizdan ortig‘i tizimdagi ikkinchi xabarnomadan so‘ng uni pasaytirganini ko‘rdik», — dedi Yandex Go kompaniyasining Markaziy Osiyo bozorini rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Tamirlan Shapiyev.

Ma’lumot uchun, «Yandeks.Taksi» 2018 yil aprel oyida Toshkentda ishga tushirilgan va u hozirda poytaxtdan tashqari Farg‘ona, Namangan Andijon, Qo‘qon, Marg‘ilon, Buxoro va Samarqandda ham xizmat ko‘rsatadi.