2021 yil fevral oyida Toshkent hokimligi tomonidan ishga tushirilgan Xalq nazorati xizmati orqali shahar aholisi infratuzilma, obodonlashtirish, jamoat transporti, uy-joy kommunal xo‘jaligi, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi muammolar bo‘yicha murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

«Gazeta.uz» smartfon ilovasi orqali Xalq nazorati portaliga muammo haqida xabar berish bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalarni taqdim etadi. Shuningdek, biz real muammolar yuzasidan beshta ariza topshirdik va mas’ul xizmatlar ularni amalda qanday hal qilganini yoritib beramiz.

Murojaatni rasmiylashtirish uchun nima qilish kerak

Murojaatni rasmiylashtirish uchun dastlab smartfoningizga iOS va Android uchun mavjud Xalq nazorati ilovasini o‘rnatishingiz kerak.

Ilovani ishga tushirib, o‘zingiz xohlagan tilni tanlang.


Ariza topshirish uchun akkauntga kirish kerak bo‘ladi. Agar akkaunt bo‘lmasa, bir marta ro‘yxatdan o‘tish lozim.

Xalq nazorati`da qanday ro‘yxatdan o‘tiladi

Foydalanuvchi tugmasiga bosib, so‘ngra «Ro‘yxatdan o‘tish» qismiga o‘ting.


Ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga olti belgidan iborat tasdiqlash kodini o‘z ichiga olgan SMS xabari keladi. Ushbu kod kiritilganidan so‘ng (odatda avtomat ravishda kiritiladi) «Davom etish» tugmasi bosiladi. Agar kod darhol kelmasa, uch daqiqadan keyin takror so‘rash kerak bo‘ladi.

Undan keyin pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami, tug‘ilgan sana kiritilib, «Davom etish» tugmasi bosiladi.

Agarda shaxsiy ma’lumotlar kiritilmasa, muammoni bartaraf etishga javobgar hisoblangan davlat organi anonim murojaatlarni ko‘rib chiqmaydi.


Xizmat pasport ma’lumotlarini avtomat ravishda yuklab oladi. Ularning to‘g‘riligini tekshiring va «Davom etish» tugmasini bosing.

So‘ngra haqiqiy yashash manzilingizni kiriting. Tuman, kvartal yoki ko‘cha, uy va xonadon raqamini, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini nomini kiriting. Ikki marta kerakli parolni kiriting va «Davom etish» tugmasini bosing. Ro‘yxatdan o‘tish tugallangandan so‘ng siz ariza topshirishingiz mumkin bo‘ladi.


Xalq nazorati orqali qanday muammolarni hal qilish mumkin

Xalq nazorati ilovasi orqali besh turdagi muammo haqida xabar berishingiz mumkin.

Mening uyim. Kvartirada elektr hisoblagich bilan bog‘liq muammolar, suv bosimi va harorati, kiraverishdagi liftning noto‘g‘ri ishlashi. Shuningdek, yerto‘lani suv bosishi yoki tomidan suv oqib chiqishi, hovlida noqonuniy avtoturargoh qurilishi va boshqalar.

Mening yo‘lim. Ta’mirtalab asfalt, chuqurchalar, yo‘lning suv bosishi, nosoz svetoforlar, o‘chib ketgan yo‘l chiziqlari, yetishmayotgan belgilar, piyodalar o‘tish joylarini tiklash va boshqalar.

Savdo va oziq-ovqat. Sanitariya talablarining buzilishi, muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish, yorug‘lik va tovush shovqini.

Jamoat joyi. Ko‘chadagi kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar, shikastlangan quvurlar, ta’mirdan keyin qayta tiklanmagan asfalt, ochiq yoki cho‘kib qolgan lyuk. Shuningdek, noqonuniy chiqindilarni tashlash, daraxtlarni kesish, betonlangan daraxtlar, axlat qutilarining yo‘qligi, istirohat bog‘larining noto‘g‘ri ta’minlanishi, noqonuniy qurilish va boshqalar.

Jamoat transporti. Oraliq bekatlarda uzoq vaqt davomida turish, yo‘nalish chizmasiga rioya qilmaslik, haydovchilarning telefonda gaplashishi yoki salonda chekishi. Bu yerdan metroda to‘lov bilan bog‘liq muammolar yoki bekatlarning qoniqarsiz holati haqida ham xabar berishingiz mumkin.

Xalq nazorati`ga qanday murojaat qilish kerak

Yo‘ldagi chuqurchalardan birining asfaltlanishi misolidan ariza topshirishni batafsil ko‘rib chiqamiz (misollar rus tilida berilmoqda).

Ilovaning asosiy ekranida «Mening yo‘lim» bo‘limini va «Tumanlararo ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llardagi asfalt ta’mirtalab» bo‘limini tanlang. To‘g‘ri bo‘limni tanlashda xatoga yo‘l qo‘ysangiz, qo‘rqinchli emas: xato bo‘lsa, moderatorlarning o‘zlari dasturni to‘g‘ri ijrochiga yo‘naltirishadi.

Keyingi qadam muammoni tasvirlashdan iborat. Ta’rif qisqa va xizmat xodimlari muammoni tushunishi uchun yetarli bo‘lishi kerak. Ta’rifi yo‘q hikoya yoki hissiyotlarga boy doston yozish shart emas.

Keyingi o‘rinlarda to‘rttagacha fotosurat yuklash lozim. Har bir fotoning hajmi 10 Mb dan oshmasligi kerak. Yuklab bo‘linganidan so‘ng «Davom etish»ni bosing.

Navbatdagi ekranda xaritaga muammo mavjud bo‘lgan joy ko‘rsatiladi. «Eslatma» bandiga mo‘ljalni ko‘rsatish mumkin.

Quyida keltirilgan xaritada aniq lokatsiya mavjud. Agar u sizning ma’lumotlaringizga mos kelmasa, uning markerini qo‘lda xaritada kerakli joyga ko‘chirish mumkin.

Barcha maydonlarni to‘ldirgandan so‘ng, «Davom etish» tugmasini bosing.

Murojaatlar qanday ko‘rib chiqiladi

Murojaat ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng darhol «Ochiq masalalar» bo‘limida paydo bo‘ladi va mas’ul ijrochi — tuman hokimliklari yoki xizmatlarga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi. Ijrochi arizani besh kun ichida ko‘rib chiqishi va muammoni hal qilish muddatini ko‘rsatishi kerak. Amalda, ko‘rib chiqish muddati sezilarli darajada kechikishi mumkin.

Ba’zi hollarda muammoni hal qilish muddati uzoq vaqtga qoldirilishi mumkin. Masalan, asfaltlash yoki ko‘kalamzorlashtirish ishlari, chunki ular ish rejasiga kiritilishini va budjetni taqsimlashni talab qiladi.

Tafsilotlarni aniqlashtirish uchun ijrochi siz bilan bog‘lanishi mumkin. Siz ijrochiga chat orqali ham yozishingiz mumkin.

Arizalar qanday yopiladi

Muammoni hal qilgandan so‘ng, ijrochi arizada topshiriqni hal qilingan deb belgilaydi va ish tugaganligini tasdiqlovchi fotosuratlarni ilova qiladi. Bu yashil «Natija» yorlig‘ida aks etadi.

Murojaatni faqat siz yopishingiz mumkin. Agar bajarilgan ishning sifati sizni qoniqtirsa, «Natija» yorlig‘ida muammoni hal qilingan deb belgilang va ijrochini birdan beshgacha bo‘lgan shkalada baholang. Agar ish yomon bajarilgan bo‘lsa, qarorga rozi bo‘lmaysiz va kamchiliklarni tuzatish uchun arizani qayta ochishingiz mumkin. Buni uch martagacha amalga oshirish mumkin. Undan keyin esa jarayonga Xalq nazorati moderatori aralashadi.

Moderator vaziyatni tahlil qiladi va arizani yopish yoki uni qayta ko‘rib chiqish uchun yuborish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Moderator, shuningdek, agar vazifa bajarilgan bo‘lsa, siz biron bir sababga ko‘ra rozi bo‘lmasangiz ham murojaatni yopishi mumkin. Misol uchun, arizada siz chuqurni yopishni so‘ragansiz, lekin ish tugagandan so‘ng, siz uni yopmaysiz, chunki chuqur atrofidagi chiqindilar olib tashlanmagan. Bunday holda ikkita alohida ariza ochishingiz kerak — chuqurni yopish va axlatlarni olib tashlash uchun.

Agarda muammo bartaraf etilganini tasdiqlasangiz, murojaat «Yopilgan muammolar» bo‘limiga o‘tadi. Endilikda ushbu arizani qayta ochishning iloji bo‘lmaydi.

Ko‘mak uchun qayerga murojaat qilish kerak

Qandaydir muammo to‘g‘risida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha shahar dispecherlik xizmatiga 1055 raqami orqali xabar berish mumkin. Agarda sizda ilova yoki qaysidir ariza ijrochi yuzasidan muammolar bo‘lsa, @xalqnazorati_bot Telegram-boti orqali Xalq nazorati xizmati vakillari bilan bog‘lanishingiz mumkin.


Ijrodagi muammolar

«Gazeta.uz» tahririyati ish sifati va tezligini tekshirish maqsadida Xalq nazorati orqali turli vaqtlarda beshta ariza topshirdi.

1. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi chuqurni asfaltlash

Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasidan mavzega kiraverishda, sobiq «O‘zavtosanoat» binosi yonida katta chuqur (yama) bor edi. Bu joyda ko‘p yillar davomida vaqti-vaqti bilan «yamalar» paydo bo‘lib, piyodalar va avtoulovchilar uchun noqulaylik tug‘diradi.

Biz arizani 27 aprel kuni yubordik. Ariza maqomi 10 kundan oshsa hamki o‘zgarmadi. 11 may kuni @xalqnazorati_bot orqali shikoyat yozdik. Ariza maqomi 17 mayga kelibgina o‘zgarib, muammoni bartaraf etish uchun javobgar tayinlandi. Bunda muammoni bartaraf etish sanasi etib 30 iyun ko‘rsatildi.

Amalda ijrochi murojaatni 30 iyunda — u yuborilganidan ikki oy o‘tib hal qildi.

2. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi chorrahadagi chuqurni yopib, asfalt qilish

Mirzo Ulug‘bek va Parkent ko‘chalari chorrahasida kichik cho‘kish joyi paydo bo‘ldi. U o‘ngga buriluvchi avtomobillar va yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalar uchun xavf tug‘dirishni boshladi.

Arizani 2 iyun kuni yubordik. Muammoni bartaraf etish sanasi sifatida 9 avgust ko‘rsatildi.

Amalda murojaat 22 iyulda — yuborilgan kundan 50 kun o‘tib bajarildi va yopildi.

3. Chilonzor tumanidagi svetoforni to‘sib turgan shoxlarni butalash

Al-Xorazmiy va Katta Xirmontepa ko‘chalari chorrahasida daraxt shoxlari o‘sib, svetoforni to‘sishni boshladi. Bu haydovchilar uchun noqulaylik tug‘dirib, baxtsiz hodisa xavfini oshirdi.

Biz 3 iyun kuni ariza yaratdik. 7 iyun kuniyoq obodonlashtirish xodimlari chorrahaga yetib kelib, svetoforni bekitib turgan daraxt shoxlarini butashdi.
Ular chorrahadagi boshqa svetoforlarni to‘sib turgan shoxlarni ham kesib tashlashdi.

4. Katta Xirmontepa ko‘chasidagi belgilarni tiklash

Chilonzor tumanidagi Katta Xirmontepa ko‘chasining Lutfiy ko‘chasidan Al-Xorazmiy ko‘chasigacha bo‘lgan qismida yo‘l belgilari o‘chib ketgan edi.

Bu avariya xavfini keltirib chiqardi va barcha yo‘l harakati qatnashchilari uchun noqulaylik tug‘dirdi.

Biz 7 iyun kuni ariza yubordik. 30 iyun kuni ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Vazifa amalda 5 iyulda — yaratilgan kundan boshlab deyarli bir oyda ijro etildi.

5. Chilonzor tumanidagi nosoz svetoforlarni ta’mirlash

Al-Xorazmiy va Katta Xirmontepa ko‘chalari chorrahasida ikki kun davomida barcha svetoforlarning ishlamay qolishi avtohalokat xavfini yuzaga keltirdi.

Biz 25 iyul kuni ariza yaratdik. 27 iyul kuni ijrochi chorrahada svetoforlar ishi tiklanganini ma’lum qildi.

Xulosa sifatida

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, Xalq nazorati xizmati o‘z vazifasini bajarib, ishlamoqda, aksariyat vazifalar tezkorlik bilan hal etilmoqda. Biroq ba’zida uzoq vaqt kutishga ham to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, ishlar har doim ham yuqori sifatli qilib bajarilayotgani yo‘q, bunga yuqoridagi fotosuratlar ham guvohlik bermoqda. Bu eslatma xizmatni ishlab chiquvchilarga emas, balki ijrochilarga tegishli.

Ushbu muammoni hal qilish uchun xizmat 12 ta tuman hokimligining ochiq reytingini ishga tushirgani haqida yozgan edik. Ushbu reyting tuman hokimliklari va ularning bo‘limlarining faoliyatiga baho beradi, aholidan qancha ariza kelganini, ularning nechtasi ijobiy va o‘z vaqtida hal etilgani, qaysilar esa javobsiz qolgani yoki kechiktirilib hal etilganini ko‘rsatib beradi.