O‘zbekistonlik sobiq futbol hakami Ravshan Ermatov Rossiya futbol ittifoqi prezidenti huzuridagi hakamlar komissiyasi a’zosiga aylandi, deb xabar berdi RFI matbuot xizmati.

Ravshan Ermatov Rossiya Premer-ligasi bahslarini boshqarib boruvchi hakamlar faoliyatini tahlil qilib, RFIda futbol hakamlari eksperti vazifasini bajaradi.

U futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlariga hakamlik qilish bo‘yicha rekordchi hisoblanadi — 2018 yil 25 iyun holatiga ko‘ra, o‘n bitta o‘yinda bosh hakam sifatida ishlagan. Ermatov eng yaxshi hakam sifatida Globe Soccer Awards mukofotiga ham loyiq ko‘rilgan.

Bundan tashqari, Ravshan Ermatov IFFHS talqini bo‘yicha 2011−2020 yillar oralig‘idagi eng yaxshi referilar ro‘yxatiga qiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ravshan Ermatov 2019 yilda hakamlik faoliyatini yakunladi hamda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi prezidenti o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. Shu yilning iyul oyida u O‘FA birinchi vitse-prezidenti bo‘ldi.

Ermatov 2020 yilda O‘FA birinchi vitse-prezidenti lavozimini saqlab qolgan holda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

2021 yilning aprel oyida Ravshan Ermatov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi birinchi vitse-prezidenti etib saylandi. 2021 yilning sentabr oyidan boshlab yana O‘FA birinchi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.