Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining Ekologiya va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Amanbay Orinbayev Jo‘qorg‘i Kengesidagi bo‘sh qolgan deputatlik o‘rinlariga bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda respublika parlamenti matbuot xizmati.

Uning nomzodi 4 avgust kuni Chinboy tumanidagi 56-Berdaq saylov okrugidan ro‘yxatga olingan. Ro‘yxatdan o‘tishda u hech qanday partiya a’zosi sifatida belgilanmagan, biroq saylovdan keyin Amanbay Orinbayev Ekologik partiya a’zosi sifatida qayd etilgan.

Amanbay Orinbayev mart oyida Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligiga rahbar etib tayinlangan edi, biroq iyul oyi boshida respublikada ro‘y bergan tartibsizliklardan so‘ng u lavozimidan ozod etilgan edi. U bungacha uch oydan sal ko‘proq vaqt davomida O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi Probatsiya xizmatini boshqargan.

Bundan tashqari, u O‘zbekiston IIV Jamoat tartibini muhofaza qilish xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari, Nukus shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ham ishlagan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Shuningdek, «Adolat» partiyasidan Qoraqalpog‘iston Rus madaniyat markazi rahbari Galina Aleksandrovna Zorkina, O‘zXDPdan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Tursinbayevich Saparbayev, «Milliy tiklanish»dan nafaqaxo‘r, «Shomanay» gazetasi muharriri Nuri Kalbay Tog‘ayevich hamda O‘zLiDePdan Qorao‘zak tumani «Yesimozek» qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Suyeubay Aliyevich Yeshanov ham Jo‘qorg‘i Kengesiga deputat etib saylandi.