Surxondaryo viloyati hududi hisoblanmish Amudaryo o‘rtasidagi Payg‘ambar oroli hududida sodir bo‘lgan hodisa paytida yaralangan olti nafar Afg‘oniston fuqarosi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining (RSHTYOIM) Termiz filialida davolanmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri Abror Qurbonmurotov tibbiyot muassasiga bordi va jabrlanganlarning ahvoli haqida ma’lumot oldi.

21 avgust kuni DXX Chegara qo‘shinlari Surxondaryo viloyatida Davlat chegarasini noqonuniy tarzda kesib o‘tib, Amudaryo o‘rtasidagi Payg‘ambar oroliga qizilmiya ildizini qazib olishni maqsad qilgan 24 nafar Afg‘oniston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Shu kuniyoq O‘zbekiston va Afg‘oniston maxsus xizmatlari chegaradagi voqeani muhokama qilishdi. O‘zbekiston TIV O‘zbekiston Payg‘ambar orolidagi voqeada «har ikki tomondan ham qoidabuzarliklar sodir bo‘lganini» tan oldi. Mojaro oqibatida ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi halok bo‘ldi, 6 nafari jarohatlandi.

RSHTYOIM filiali qabulxonasida «Gazeta.uz» muxbiriga haqiqatdan ham 21 avgust kuni Payg‘ambar oroli hududidan 6 nafar yaralangan afg‘onistonlik keltirilganini tasdiqlashdi. Hozir ular xirurgiya bo‘limida davolanishmoqda. Bo‘lim eshigi oldidagi DXXning ikki xodimi yaralangan afg‘on fuqarolarini qo‘riqlashayotganini ta’kidlagan.


Ular bilan suhbatlashishga ijozat so‘ralganda esa xodimlar rahbariyatdan ruxsat olish kerakligi sababli rozilik bera olmasliklarini aytishdi. Telefon orqali «Gazeta.uz» nashri jurnalisti kelgani va yaralagan Afg‘oniston fuqarolari bilan ko‘rishmoqchi ekanligini bildirishganida esa, rahbariyat so‘rovni rad etdi.

Jurnalist qo‘shni mamlakat fuqarolarning bir nafari o‘ng oyog‘idan yaralangani, qolganlari esa yengil tan jarohatlari olishganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Ular shifoxonaga qanday ahvolda kelgani haqidagi savolga esa, «ular dehqonlar bo‘lishi mumkinligi,chegarachilardan qochib, qamishzorlar ichida ham turli yengil jarohatlar olgan bo‘lishi mumkinligi, hozir barcha yaralanganlarning sog‘ligi yaxshi ahvolda ekanligini» ma’lum qilishdi.

Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, ularga davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan, hech qanday muammo mavjud emas, ularning ahvoli yaxshi deb baholanmoqda va o‘zlari bemalol harakat qilmoqda. Mazkur ma’lumotlarni hamshira ham tasdiqladi.

Yaralanganlarni davolayotgan markaz shifokori F.To‘rayev ham jurnalist bilan telefon orqali suhbatda rahbariyat ruxsatisiz ularning ahvoli haqida hech qanday ma’lumot bera olmasligini qayd etdi.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» Afg‘onistonning Termizdagi bosh konsuli Muhammad Idris Zarshoydan afg‘onistonliklarning keyingi taqdiri haqida so‘radi. Konsulning aytishicha, bu voqealar haqida eshitgan, biroq, unda hali O‘zbekiston chegarasidan noqonuniy o‘tgan Afg‘oniston fuqarolari haqida biror ma’lumot mavjud emas.