Joriy yilda O‘zbekistondagi OTMlarga kirish imtihonlarida abituriyentdarning 51,2 foizi, ya’ni yarmidan ko‘pi o‘tish balini to‘play olmadi. O‘zA bosh direktori o‘rinbosari, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bunga e’tibor qaratdi.

Davlat test markazi (DTM) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 1 mln 73 ming 821 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi. Ulardan 550 ming nafari o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni to‘play olmagan.

Hududlar kesimida eng yomon ko‘rsatkich, Toshkent viloyati (55,9%), Sirdaryo (54,3%) va Navoiy (53,5%) viloyatlarida qayd etilgan.


Foto: Xushnudbek.uz / Telegram.

O‘tgan yilgi holat bilan solishtirganda o‘tish balini to‘play olmagan abituriyentlar soni 15,2 foizga oshgan. Albatta, bunda majburiy blokdagi oson savollarga beriladigan ballar miqdori kamaytirilib, mutaxassislik faniga katta urg‘u berilgani ham sabab bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Respublikaning besh hududida — Toshkent shahri (45,2%), Buxoro (47,1%), Farg‘ona (48,7%), Xorazm (49,1%) va Samarqand (49,8%) viloyatlarida ko‘rsatgichlar nisbatan yaxshiroq.

«56,7 ball — bu to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 balning 30 foizi degani. Ya’ni abituriyent hech bo‘lmasa 30 foiz bilimga ega bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkichni to‘play oladi. 30 foiz bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak to‘g‘ri bo‘lar, balki», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, joriy yil O‘zbekistonda 1 mln 146 ming 744 nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga qaraganda qariyb 200 mingga ko‘p.