22 avgust kuni hukumatning «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi [464-son] qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Hujjat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirishni nazarda tutadi.

Qarorga muvofiq, daraxt va butalarni kompensatsiya tarzida ekish daraxtlarni kesish uchun ruxsatnoma berish uchun yig‘imni yoki ularni noqonuniy kesganlik uchun jarimalarni to‘lashdan ozod qilmaydi.

Kompensatsiyaviy ekish joylari «Yashil bog‘lar» va «Yashil jamoat parklari», obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun mo‘ljallangan boshqa hududlardan tanlanadi.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish hamdan ulardan foydalanish tartibi quyidagilarni nazarda tutadi:

  • daraxt va butalarni ekish uchun joy tanlash, ularni ekish, sug‘orish, oziqlantirish va butash;
  • zararkunanda va kasalliklar ta’sirida zararlangan yoki kasalliklarga chalingan daraxtlar va butalarga kimyoviy va biologik ishlov berish;
  • daraxtlar va butalarni xatlovdan o‘tkazish,biriktirish, ko‘chirib o‘tkazish, kesish va kompensatsiyaviy ekish;
  • daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlash tufayli yetkazilgan zararni undirish.

2022 yil 31 dekabrgacha qarovsiz qolgan daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va yaqin hududdagi mulkdorlarga biriktiriladi.

Hokimliklar tomonidan 1 sentabrgacha kuzgi va 1 fevralgacha bahorgi ko‘chat ekish hajmlari bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanadi.

Daraxt va butalarning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha mablag‘ ajratiladi.

Qaror bilan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda daraxtlar va butalarni ekish uchun joylar tanlash, ularni ekish, sug‘orish, oziqlantirish va butalash tartibi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil boshidan prezident farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi. Jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirildi. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish hamda o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish chorasini belgilash taklif qilinayotgani xabar berilgan edi. Xususan, bunday holatda fuqarolar BHMning 10 dan 15 baravarigacha (3−4,5 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun esa BHMning 20 baravarigacha (6 mln so‘m) jarima belgilash ko‘zda tutilgan.