18 avgust kuni tahminan soat 14:30 larda Sirdaryoning Oqoltin tumani hududida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida Isuzu avtobusining gaz balloni portlagan edi. Oqibatda 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi tan jarohati olgan.

Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida, «O‘zavtosanoat» AJ tizimidagi Komplayens xizmati xodimlari hamda «Samarqand avtomobil zavodi» MCHJ QK mas’ul xodimlari tomonidan voqea joyida o‘rganish ishlari olib borilgan.

Xabarda aytilishicha, davlat raqami 90 946 WAA bo‘lgan «ISUZU SAZ NP21» rusumli mazkur avtobus dizel yoqilg‘isida xarakatlanishga moslashgan holda 2012 yilda «Samarqand avtomobil zavodi» MCHJ QKda ishlab chiqarilib, korxonaning Xorazm viloyatidagi rasmiy dileri orqali sotilgan.

Keyinchalik, avtobusni sotib olgan korxona tomonidan 2014 yilda 60 litr sig‘imli, 6 dona gaz ballonlar avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan holda, uning ust qismiga o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, ushbu avtobus bir yillik kafolat davrida kafolat talablari bo‘yicha belgilangan davriy ko‘rikdan o‘tkazish masalasida rasmiy dilerga murojaat qilmagan.

Ta’kidlanishicha, kafolatli xizmat ko‘rsatish sohasi siyosatiga ko‘ra, avtobus konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritilgan hollarda, berilgan kafolat doirasidan o‘z-o‘zidan chiqib ketadi.

Yuqoridagi holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilib, Jinoyat kodeksining 262-moddasi (Transportni ta’mirlash yoki uni foydalanishga chiqarish qoidalarini buzish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.