Pokiston va Afg‘oniston o‘zaro yuk mashinalari haydovchilari uchun maxsus vizalar joriy qilmoqda. O‘zbekiston ham dasturga qo‘shilishi mumkin, deb yozadi Spot Pakistan Today nashriga tayanib.

Pokiston savdo vaziri Navid Qamarning aytishicha, yangi olti oylik vizalar ikki davlat yuk tashuvchilariga chegarani kesib o‘tish va yuklarni to‘siqlarsiz yetkazib berish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston haydovchilari uchun ham maxsus viza rejimi joriy etilishi kutilmoqda. Buning uchun uch davlat o‘rtasida bitim imzolanadi.

Vazir Markaziy Osiyo eksport uchun katta salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi — buning natijasida ularning Yaqin Sharq, Yevropa Ittifoqi va AQSh eksport bozorlariga qaramligi kamayadi. Mamlakat hukumati Pokistonni Afg‘onistonni boshqa davlatlar bilan bog‘lovchi savdo, tranzit va transport markaziga aylantirish niyatida.

Islom Respublikasi allaqachon O‘zbekiston bilan tranzit savdosi bo‘yicha bitimni imzolagan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan ham bu borada muzokaralar olib borilmoqda.

Iyun oyida o‘zbekistonlik yuk tashuvchilar Pokistondan Afg‘oniston orqali tranzit yuklarni birinchi tashishni amalga oshirdi. Haydovchilar bir hafta ichida Karachi portidan Toshkentga bir partiya go‘sht olib kelishdi.