2022/2023 o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga qabul bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tgan 10 031 nafar fuqaroning arizalari to‘liq ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlik xabariga ko‘ra, topshirilgan arizalarning yarmidan ko‘pi qaytarilib, ularning orasidan 5219 tasi qabul qilingan.

Ular orasida xorijiy til sertifikatiga egalar — 4582 tani tashkil etadi.

Quyidagi 637 ta talabgor esa tanlovda ishtirok etmasdan imtiyozga ega bo‘lgan:

  • davlat stipendiantlari — 296 ta;
  • kimyo, biologiya va informatika yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli diplom egalari — 159 ta;
  • kimyo, biologiya, fizika va informatika fan olimpiadalari g‘oliblari — 12 ta;
  • ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilar — 170 ta.

«Talabgorlar magistratura qabul natijalarini magistr.edu.uz platformasidagi shaxsiy kabineti orqali bilib olishlari mumkin», — deyiladi xabarda.

Avvalroq oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov O‘zbekistonda magistraturaga kirish uchun hujjat qabul qilish jarayonida topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilgani haqida gapirgan edi.

2022/2023 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlariga ko‘ra, magistraturaga 10 688 nafar kvota ajratilgan.

Shuningdek, prezident qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul yilda ikki marta bo‘lib o‘tishi belgilandi.