Surxondaryo viloyatida noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq holatning oldi olindi, deb xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.

IIB xabariga ko‘ra, fuqaro O.O. Sariosiyo tumanida yashovchi boshqa bir shaxs O.Z. fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonidan 22 sotix yerni har bir sotixini 800 dollaridan, jami 17,6 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganini ma’lum qiladi.

«Viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning „Anorzor“ mahallasida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro O.Z. 22 sotix yer uchun 17,6 ming dollar olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan O.Zga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.