Prezident tomonidan 2022−2023 yillarda AKT sohasini rivojlantirishga doir qaror imzolandi.

Qaroroga muvofiq quyidagi asosiy vazifalar belgilandi:

  • 2022 yil yakuniga qadar aholi yashash maskanlarini keng polosali mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish darajasi 98 foizga, xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari bo‘ylab yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovini 60 foizga yetkaziladi;
  • 1 sentabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida AKTni qo‘llash orqali masofaviy xizmatlarni eksport qilish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi;
  • 1 noyabrdan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari hamda to‘lov tizimlari operatorlariga axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, o‘zlarining mobil ilovalari orqali Yagona portaldagi elektron davlat xizmatlarini kursatishga ruxsat beriladi;
  • 2023 yildan boshlab har yili yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida jamg‘arma hisobidan umumiy mukofot jamg‘armasi 1 mln dollar bo‘lgan prezident sovrini uchun tanlov o‘tkaziladi.

Shuningdek, 1 oktabrdan boshlab AKT sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ITSV huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan grantlar ajratish tartibi joriy qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni prezident Yuqorichirchiq tumanidagi «Astrum» IT akademiyasida axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashgandi. Inha universiteti talabasi Yasmina Ablayeva Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatda har yili IT-muxatassislar uchun prezident tanlovini o‘tkazish taklifini bildirdi. Davlat rahbari buning uchun $1 mlnlik ajratilishini ma’lum qildi. «Biz bu pulni topib, tanlovni e’lon qilishga harakat qilamiz», — degandi prezident.

Avvalroq prezident qarori bilan nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida yoshlarning AKT sohasida o‘qishi uchun ta’lim krediti ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan edi. Bunda ta’lim kreditlari MBning asosiy stavkasida BHMning 65 baravarigacha 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga ajratilishi nazarda tutilgan.