Hukumatning 18 avgustdagi [458-sonli] qaroriga asosan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzurida Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda, deb xabar berdi Norma.uz.

Quyidagilar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • atrof-muhitning joriy holatini o‘rganish, ifloslantiruvchi moddalarning bioxilma-xillikka, jumladan, noyob, yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan o‘simlik hamda hayvon turlariga ta’sirini o‘rganish;
  • yer resurslarini muhofaza qilish, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  • yer osti va yer usti suvlari ifloslanishining oldini olish, oqova suvlarni tozalash va qayta ishlash bo‘yicha samarali usul hamda texnologiyalarni ishlab chiqish;
  • atmosfera havosining joriy holati, undagi ifloslantiruvchi moddalarning atrof-muhit va tabiatga ta’sirini tahlil qilish, atmosfera havosining ifloslanishini kamaytirishni ta’minlovchi yangi, samarali uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish;
  • maishiy va turli chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilishni ta’minlovchi samarali uslub hamda texnologiyalarni ishlab chiqish;
  • «yashil» va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish va boshqalar.

Institut ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tayanch ilmiy tashkilot va davlat buyurtmalari bo‘yicha asosiy ijrochi hisoblanadi.

Hujjat bilan 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi ham tasdiqlandi.

Institutda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi Kengash tuziladi. Institut direktori va uning o‘rinbosarlari Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Institut direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.