Hukumatning 22 avgustdagi qarori [469-son] bilan Mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu xaqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Mazkur Nizom mualliflik huquqi obyektlarini saqlashga qabul qiluvchi tashkilotlar (depozitariylar) tomonidan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida saqlash tartibini belgilaydi.

Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonlari Adliya vazirligi huzuridagi «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Yagona bazada quyidagi mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari saqlanadi:

  • ️adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);
  • ️drama va ssenariy asarlari;
  • ️matnli yoki matnsiz musiqa asarlari;
  • ️musiqali drama asarlari;
  • ️xoreografiya asarlari va pantomimalar;
  • ️audiovizual asarlar;
  • ️rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’atning boshqa asarlari;
  • ️manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;
  • ️arxitektura, shaharsozlik va sahna bezagi san’ati asarlari;
  • ️fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;
  • ️geografiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, geografiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;
  • ️barcha turdagi elektron hosoblash mashinalari uchun dasturlar.

Mualliflik huquqi obyektining elektron nazorat nusxalari Yagona bazada muddatsiz saqlanadi. Mualliflik huquqi obyektining Yagona bazaga kiritilganligi haqidagi ma’lumotlar tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi. Qaror 2023 yilning 1 aprelidan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevralida prezident qarori bilan jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestri shakllantirilishi belgilab berilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, mualliflik huquqi va boshqa turdosh huquqlarni buzganlik uchun Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, o‘tgan yilning avgust oyidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar asosida mualliflik huquqining muallif vafotidan keyin amal qilish muddati 50 yildan 70 yilga uzaytirilgan.