«O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» faxriy unvoni ta’sis etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti 22 avgust kuni o‘tkazilgan ishbilarmonlar bilan navbatdagi uchrashuvida ma’lum qildi.

«Bizda quruvchi, madaniyat, ta’lim kabi soha vakillari uchun faxriy unvonlar mavjud. Lekin, Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratishga eng katta hissa qo‘shib kelayotgan zahmatkash tadbirkorlarning e’tibordan chetda qolgani adolatdan emas», — dedi u.

«Shu bois, ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, biznesning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan va el-yurt orasida obro‘ topgan biznes vakillarini munosib e’tirof etish uchun „O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor“ faxriy unvonini ta’sis etishni taklif qilaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuv oldidan prezident qarori bilan «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni ta’sis etilib, 100 nafar ishbilarmon mazkur mukofot bilan taqdirlangandi.