Andijon viloyati hokimligi tadbirkor sport zalda o‘zini osib qo‘ygani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan hokimlik tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. «O‘rganishlar jarayonida, tuman hokimligida maqolada ta’kidlangan 200−300 kishilik yig‘ilish o‘tkazilmaganligi, shuningdek, tadbirkorga prokuror ham, hokim ham tazyiq o‘tkazmaganligi aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, tadbirkorga qurilishi olib borilayotgan loyiha qiymatining 85 foizi miqdorida mablag‘ ajratilgani qayd etilgan.

«Shuningdek, tadbirkor 250 mln so‘m mablag‘ini amaliy ko‘mak sifatida so‘ragan bo‘lib, uning murojaatiga javoban viloyat hokimining topshirig‘iga binoan tadbirkorga qo‘shimcha 350 mln, jami 600 mln so‘m mablag‘ ajratilish masalasi belgilangan tartibda Xalq deputatlari Kengashiga 10 kunlik muhokama uchun qo‘yilgan», — deya ta’kidlanadi munosabatda.

Hokimlik xabarida «o‘rganishlar mobaynida „Takomil qurilish servis“ MCHJ rahbarining o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar kelib chiqayotgani» ta’kidlanadi.

Holat yuzasidan prokuratura organlari o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Mavzu yuzasidan batafsil axborot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi «Bo‘z Iqbol chorvasi» MCHJ rahbari N.S. ferma dalasida daraxtga osilgan holda topilgani xabar berildi. Oradan bir oy o‘tib, 26 iyul kuni esa yana bir andijonlik tadbirkor, Rash Milk sut zavodi hammuassisi Rahmiddin Mirzayev uyining bog‘ida o‘z joniga qasd qilib vafot etdi.