Chilonzor tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jamoliddin Xodjimanovga vaqtincha Chilonzor tuman hokimi vazifasini bajarish yuklatildi. Bu haqda 18 avgust kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning farmoyishi imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, Chilonzor tumani hokimi lavozimida ishlagan Shavkat Mavlonov 8 avgust kuni Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov boshchiligida Toshkentda 101 tup daraxtga shikast yetkazilgan holat yuzasidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida ishdan olindi. Mavlonov bilan bir qatorda prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan tuman prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etildi. Qolaversa, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokuror Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berildi.

Jamoliddin Xodjimanov shu yilning aprel oyida Chilonzor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Unga qadar Xodjimanov tuman moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. U 2011 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan.