O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuv chog‘idagi nutqida ularni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yo‘nalishda tashabbuslarni bildirdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Birinchi yo‘nalish — korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvni belgilash.

Bunda, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Bular:

1 milliard so‘mgacha bo‘lgani — mikro biznes;

10 milliard so‘mgacha bo‘lgani — kichik biznes;

100 milliard so‘mgacha bo‘lgani — o‘rta biznes toifasiga kiradi.

Shundan kelib chiqib 2023 yil 1 yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi.

Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlab qolinadi.

Yoki, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20−30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.

Ikkinchi toifa, ya’ni aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi.

«Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengilliklar yaratadi va ularga juda katta stimul beradi», — dedi davlat rahbari.

Prezident tez o‘sib borayotgan yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Buning uchun, 2023 yil 1 yanvardan:

  • kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi;
  • mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
  • soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi;
  • davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).