Davlat xavfsizlik xizmat (DXX) hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tadbirlar amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Jumladan, Farg‘ona tumanida yashovchi, fuqaro (1975 y. t.) boshqaruvidagi Damas avtomashinasi Toshkentning Yashnobod tumani hududida to‘xtatildi.

Avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, Qirg‘izistondan olib kirilgan va keyinchalik Sirdaryo viloyati hududiga olib borish rejalashtirilgan 4200 dona «Regapen» va 1000 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, «Farg‘ona-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Toshkent shahrida yashovchi shaxs (1986 y.t.) boshqaruvidagi Nexia-2 Toshkentdagi «Sharq» yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomashinaning yukxonasidagi metan gaz balonining ichiga xufiyona tarzda yashirilgan 999 dona «Tropikamid» va 3356 dona «Regapen» kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shu bilan birga, Farg‘ona viloyatida yashovchi shaxs (1987 y. t.) Toshkent viloyati O‘rtasaroy tumani hududida qo‘lga olinib, uning yuk sumkasi ko‘zdan kechirilganda, unda 900 dona «Tropikamid» va 1680 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Toshkentda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Bektemir» yo‘l-patrul xizmati maskani hududida Lacetti avtomashinasi tekshirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxsga tegishli polietilin paketda 504 dona «Regapen», 91 dona «Tropikamid» dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.