O‘zbekiston TIV 5 iyul kuni soat 16:20 atrofida chegaraga yaqin Afg‘oniston hududidan beshta reaktiv snaryad Termizning “Majnuntol” mahallasida qulaganini ma’lum qilgandi. Snaryadlar o‘shanda portlamagani, to‘rtta raketa beshta uyga zarar yetkazgani, beshinchisi esa futbol maydoniga tushgani aytilgandi.

Shu kabi holat aprelning ikkinchi yarmida ham kuzatilgandi, biroq unda snaryadlar O‘zbekiston chegarasigacha yetib kelmagani ma’lum bo‘lgandi. 17 iyulga kelib, uchinchi marta raketa uchirilgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi, Mudofaa vazirligi buni rad etib chiqdi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati ushbu harakatlar ortida ISHIDga a’zo jangarilar turgani va ular jazoga tortilishini qayd etdi.

Eng so‘nggi, 5 ta raketa Termizga yetib kelgan voqeadan zarar ko‘rgan aholining uylari davlat tomonidan ta’mirlab berildi. Biroq odamlarning qo‘rquvi hanuz tarqagani yo‘q. “Gazeta.uz"ning maxsus muxbiri Abror Qurbonmurotov mahalliy aholi bilan suhbatlashib, o‘sha kungi voqea tafsilotlari va odamlarning undan keyingi hayoti qanday kechayotgani haqida so‘radi. Qolaversa, siyosiy ekspertlarning shu kabi holat yana takrorlanishi xavfi bor yoki yo‘qligi haqidagi fikrlarini o‘rgandi.

5 iyul kuni nimalar sodir bo‘lgandi?

Foto: Abror Qurbonmurotov / “Gazeta.uz”.

“Majnuntol” mahallada istiqomat qiluvchi o‘zining ism va sharifini qayd etishni xohlamagan suhbatdosh o‘sha kungi voqeani shunday esga oldi:

“5 iyul, seshanba kuni edi, tushlikdan so‘ng, uy ishlarini qilayotgan edim. Nabiralarim hovlida o‘ynab yurishgandi, kelin va tushmush o‘rtog‘im oshxonada uy ishlarini qilayotgandi. O‘g‘lim esa boshqa yangi qurilayotgan uyimizni ta’mirlayotgan edi. Soat 16:00 dan o‘tib qattiq bir ovoz keldi. Uyimizdagi shefirni teshib, raketa tushdi, hammayoq changga to‘lib ketdi, qattiq shovqin eshitildi. Oilam, imkoniyati cheklangan qizim va nabiralarim bilan juda qo‘rqdik va ko‘chaga yugurdik. Faqat hayotimizni saqlab qolsak, bo‘ldi degan maqsad bor edi”.

Suhbatdosh raketa tushgan paytda Bobur, Furqat va Islomobod ko‘chalaridagi boshqa xonadon egalari ham ko‘chaga yugurib chiqishganini aytdi.

“O‘g‘lim “02"ga (ichki ishlar organlariga) telefon qilib, uyimizga raketa kelib tushgani haqida xabar berdi. Dastlab IIB xodimi bu xabarga ishonmadi, ko‘plab fuqarolar chindan ham raketa kelib tushganini aytishgach, vahima qilmasligimizni, tez orada xodimlar yetib kelishlarini ma’lum qildi”, — dedi u.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, 10 daqiqa ichida IIB va FVB xodimlari kelib, yo‘llarni yopishgan, barcha fuqarolar zudlik bilan xavfsizroq ko‘chaga olib o‘tilgan.

“Sapyorlar kelishdi, bundan tashqari katta qum ortilgan mashinalarda kelib raketalarni olib ketishdi. Viloyat hokimi To‘ra Bobolov va barcha viloyat rahbarlari kelishdi. Bizga vahima qilmasligimizni, hammasi yaxshi ekanligini aytib, tinchlantirishdi. Shu kunning o‘zida raketa tushgan xonadonlar davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilishini aytishdi. Zarar yetkazilgan beshta xonadonni ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Buning uchun kerak bo‘lgan barcha qurilish mahsulotlari keltirildi”, — dedi suhbatdosh.

Ta’mirlash ishlari To‘ra Bobolov nazorati ostida o‘tgani, tungi soat 2:00 gacha hokim va boshqa rahbarlar mahallada bo‘lishgani, uylar 24 soat ichida ta’mirlangani qo‘shimcha qilindi.

Boshqa bir xonadan egasi esa Afg‘oniston hukumati tepasiga toliblar kelganidan beri termizliklar ko‘nglida qo‘rquv borligini aytdi.

“Bizdan har qanday xabarlar tarqatmasligimizni so‘rashdi. Lekin, baribir Termiz shahrimiz Afg‘onistonga yaqin joylashgani uchun qo‘rquv bor. Men-ku yoshimni yashab bo‘ldim, lekin nabiralarim bor, shularning kelajagidan ozroq havotirdaman. Afg‘oniston tepasiga „Tolibon“ kelganidan beri odamlarimizda qandaydir qo‘rquv bor. Barchasi yaxshilikka, yurtimiz tinch bo‘lsin, deb niyat qilamiz, boshqa ilojimiz ham yo‘q”, — dedi u.

Raketa tushgan xonadon egalari orasida ta’mirlash ishlaridan norozilar ham yo‘q emas

“Gazeta.uz” bilan suhbatda Majnuntol mahallasi Islomobod ko‘chasi 30-uyda yashovchi Zinnat Salomova o‘sha kuni ishda bo‘lgani, ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilmaganini ta’kidladi.

Foto: Abror Qurbonmurotov / “Gazeta.uz”.

"Aslida bizdan hech kimga intervyu bermasligizni so‘rashgandi. Lekin sizlarga intervyu beryapman. Men ishda edim, ishdan kelsam, qo‘shnining uyiga snaryad tushgan deb aytishdi. Uyga kirsam, uyimiz juda achinarli ahvolda, hamma joy raketa ta’sirida buzilgan ekan. Snaryad bizning uyga kirib, devorni teshib, qo‘shnimiz — ovsinimning uyiga o‘tib ketgan ekan. Keyinroq organ xodimlari kelib bizni uydan chiqarishdi", — dedi u.

Uning aytishicha, kechki vaqtda uyi zarar ko‘rgan xonadon egalarini Termiz shahar IIBga olib ketishgan.

Foto: Abror Qurbonmurotov / “Gazeta.uz”.

"Kechki vaqtda uyga qaytib kelganda, ta’mirlash ishlari chala amalga oshirilib ketilganini ko‘rdim. Viloyat hokimi aytgan bo‘lsa ham ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilmagandi. Akfa`dan yasalgan deraza romlarim, devorlarimga shikast yetgandi. Hokimiyat tomonidan faqat bizga 3 dona shefir qo‘yib berildi va snaryad teshgan devorimga g‘isht terildi, bo‘ldi. Boshqa hech qanday yordam berilmadi. Ushbu holat yuzasidan prezident portaliga ham shikoyat qildim, lekin oradan bir oyga yaqin vaqt o‘tdi, ammo ijobiy natija bo‘lgani yo‘q" — dedi Zinnat Salomova.

“Qayerga borishimizni bilmay qoldik”

Islomobod ko‘chasida yashovchi Shoira G‘ofurova o‘sha kuni uyida o‘zi, o‘g‘li va nabirasi bilan qolgani, juda qo‘rqqanini aytdi.

Foto: Abror Qurbonmurotov / “Gazeta.uz”.

"Men o‘sha kuni qozon yuvib o‘tirgan edim, o‘g‘lim nabiralarim bilan boshqa xonada edi. Birdan uyimda qattiq bir ovoz eshitildi, uy changga to‘lib ketdi. Yuragim bir zum to‘xtab, qotib qoldi. Nima qilishni, qayerga borishni bilmay, xovlida joyimda o‘tirganimcha qotib qoldim. Raketa ovsinimning uyidan kirib yaqinda qurgan mehmonxonamizning devoridan teshib o‘tib, mehmonxona eshigidan chiqib, hovliga tushdi", — dedi u.

Men mehmonxonadan elektr simlari tutab, yong‘in bo‘ldi deb o‘yladim. Birozdan so‘ng qo‘shnilar keldi. Menga tinchlantiruvchi dori berishdi, keyin yotib qoldim. Keyin esa qo‘shnilarim raketa qoldiqlarini ko‘rib qolishdi. Shundan so‘ng tepamizdan yana 3 ta raketa uchib o‘tdi va boshqa ko‘chaga tushdi. Qo‘rqib “02"ga telefon qildik”, — deya so‘zida davom etdi suhbatdosh.

Shoira opa ham organ xodimlari ularni boshqa ko‘chaga olib chiqishgani, kechki payt esa shahar IIBga borganini so‘zlab berdi.

“Bizdan raketa qanday kelgani, nima bo‘lganini, nima uchun internetda xabarlar tarqatganimizni so‘rashdi. Bu xabarlarni men tarqatmaganim, o‘zim „shok“ holatida bo‘lganim, kim videoga olib, tarqatganini bilmasligimni aytdim. So‘roqlardan keyin soat 22:00 da uyga keldim. Uyda ta’mirlash ishlari davom etayotgan ekan. Yangi qurilgan mehmonxonamning devorlarini qaytadan ta’mirlab berishdi”, — dedi u.

“Lekin raketa teshib o‘tgan eshigimga boshqa sifatsiz eshik o‘rnatib ketishgan ekan. Men bir xil qilib, uchta eshikni yaqinda o‘rnatgan edim. Shu bo‘yicha hokimiyatga e’tirozimni bildirdim, lekin e’tiborga olishmadi. 15 iyul kuni prezident portaliga shikoyat xatini yo‘lladim. Uch kun oldin hokimiyatdan vakillar kelishib, dalolatnoma tuzib ketishdi. Yaqinda boshqa eshiklarim singari bir xil eshik olib kelishlarini aytishdi”, — dedi Shoira G‘ofurova.

Foto: Abror Qurbonmurotov / “Gazeta.uz”.

Ushbu xonadon egasi ham ko‘pchilik singari hanuz ich-ichidan qo‘rquvni his qilayotganini aytmoqda. “O‘sha kundan beri juda qo‘rqqaman, uyga kira olmayman. Hozir bir narsa kelib portlaydiganday bo‘ladi. Juda qo‘rqoq bo‘lib qolganman. Ilohim yurtimiz tinch bo‘lsin. Bizni qo‘limizdan boshqa nima ham kelardi”, — dedi suhbatdosh.

“Bizdan har qanday xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatmasligimizni so‘rashdi”

Raketa tushgan yana bir xonadonning egasi uning zarar yetgan qismi davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilganini ta’kidladi.

“Seshanba kuni men, ayolim va nabiralarim uyda edik. Men mollarimizga yemish berayotgan edim, farzandlarim ishda va o‘qishda edi. Shu oddiy uy ishlarimizni qilayotgan edim, birdan qandaydir shovqin eshitildi. Katta chang ko‘tarildi, nima bo‘lganini umuman tushunmadim, nabiramni olib ko‘chaga chiqdim. O‘zi nima va u qanday bo‘lganini anglay olmay, qo‘rquv bilan ko‘chaga otildik. Uyimizning bir qismi raketa zarbidan nurab, hovlimiz changga to‘lib ketdi, uy jihozlariga ham zarar yetdi. Ko‘chaga chiqsam, hamma qo‘shnilarimiz ko‘chada ekan. Ichki ishlar xodimlari kelib, raketa Afg‘oniston tomonidan otilganini va havotirga o‘rin yo‘qligini aytishdi”, — dedi u.

Foto: Abror Qurbonmurotov / “Gazeta.uz”.

Navbatdagi suhbatdosh barcha zarari qoplab berilgani, shu bilan birga, hech qanday xabar tarqatmaslik so‘ralganini aytdi.

“Yaqinda uyim tamirdan chiqqan edi. Raketa zarar keltirgan mehmonxonamiz va uy devolari davlat tomonidan ta’mirlab berildi. Hatto zarar yetgan uy jihozlarimizni ham olib berishdi. Qo‘rqmasligimizni, hammasi nazoratga olinganini aytishdi. Bizdan esa har qanday xabarlar tarqatmasligimizni so‘rashdi. Ertasi kuni ham hokimiyatdan vakil kelib, bizdan uylarimiz ta’miridan rozi yoki norozi ekanligimizni so‘rashdi”, — deydi “Majnuntol” mahallasida yashovchi fuqaro.

“Men o‘zimdan ham ko‘ra fuqarolarning hayotini o‘yladim”

“Majnuntol” mahallasi raisi Baxtiyor Mamadaliyev ham yuqorida aytilgan gaplarni tasdiqladi va davlat tomonidan barcha xonadonlar to‘liq ta’mirlanib berilganini ma’lum qildi.

“O‘sha kuni fuqarolarning muammolari bilan suhbatlashib o‘tirgan edik. To‘satdan ko‘chada qandaydir shovqin eshitildi. Ko‘chaga chiqdim, tepamdan raketalar uchib o‘tdi. Birdan yerga yotib oldim, raketalar o‘tib ketganidan so‘ng ichki ishlar organiga telefon qilib, xabar berdim. Yonimda mahallamiz noziri bilan raketalar tushgan Bobur ko‘chaga bordik. Vahimaga tushgan fuqarolarimiz ko‘chaga chiqqan, nima qilishini bilmay qolgan ekan. Aholini tinchlantirishga harakat qildim”, — dedi u.

Baxtiyor Mamadaliyev. Foto: Abror Qurbonmurotov / “Gazeta.uz”.

Raisning ta’kidlashicha, birinchi galda raketalar portlamasligi uchun elektr energiyani o‘chirtirgan. “Birozdan so‘ng milliy xavfsizlik xodimlari, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va boshqa viloyat rahbarlari, ichki ishlar organlari xodimlari kelishdi” — dedi u.

“Bizga hech qanday vahima yo‘qligi, aholidan sarosimaga tushmaslikni so‘rashdi. To‘g‘ri, odamlar ozroq vahimaga tushdi. Chunki birinchi marta bunday holat bo‘lishi. Odamlar nima qilishini bilmay qolgandi”, — dedi u.

Mahalla raisi ertasi kuni faollar bilan raketa tushgan xonadon egalari bilan ko‘rishib, ta’mirlangan uylaridan rozi ekanligini so‘rab chiqqanini aytdi. U Furqat ko‘chasida yashovchi bir xonadan egasi ta’mirdan norozi ekanligini ham tasdiqladi.

“O‘sha xonadonga kerakli qurilish mollari keltirilib, o‘zi xohlaganday ta’mirlab berildi. Qolgan xonadan egalari ta’mirlashdan rozi ekanliklarini aytishdi. Shundan so‘ng bu ma’lumotlarni hokimiyatga yetkazdik”, — dedi Baxtiyor Mamadaliyev.

Raketa snaryadlarini kim uchirdi?

Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid Twitter`dagi sahifasida 5 iyul kuni Termizga qarata raketa uchirganlar “Xavorijlar” guruhi a’zolari ekanligini ma’lum qildi.

Foto: Afg‘oniston vakilining Twitter`dagi sahifasida e’lon qilingan videodan olindi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular Afg‘oniston maxsus kuchlari tomonidan Qunduz viloyatidagi operatsiya davomida ushlangan va yo‘q qilingan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonga Afg‘oniston tomonidan uyushtirilgan har ikki hujum o‘z tasdig‘ini topdi. Uning tashkilotchisi sifatida esa ISHIDning Xuroson bo‘limi va “Xavorijlar” guruhlari ko‘rsatildi.

26 iyul, Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga murojaat yo‘llagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston hukumatini terroristik tashkilotlar bilan aloqalarni uzishga chaqirdi.

“Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlarini oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi”.

“Gazeta.uz” muxbirining raketalar qayerda ishlab chiqarilgani, qancha tezlikda kelgani, nima uchun portlamay qolgani va chegara himoyasi masalasidagi so‘roviga Mudofaa vazirligi mas’ullari bu haqda biror-bir ma’lumot bera olmasligini ta’kidlashdi.

Yana shunday holat takrorlanishi mumkinmi?

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatlashgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning ta’kidlashicha, “bu juda to‘g‘ri va o‘z vaqtida aytilgan chaqiriq”.

Abdurahmon Tashanov. Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”.

“Prezidentning chaqirig‘ini Afg‘onistonni tinch mamlakat bo‘lishi uchun aytilgan fikr deb o‘ylayman. Lekin bu chaqiriqning samarasi toliblarning mamlakatni qanchalik boshqara olishiga bog‘liq. Tolibonning mamlakatni boshqarishga salohiyati yetadi deb o‘ylamayman”, — degan fikrda huquqshunos.

Uning misol qilib keltirishicha, hozirda toliblarning Tojikiston hukumati bilan munosabati salbiy tus olmoqda.

“Salbiy munosabat orqali Afg‘onistonda yashayotgan tojiklar ham toliblarga qarshi harakatga kelib qolishi mumkin. Albatta, O‘zbekiston hukumatining chaqirig‘i juda yaxshi, lekin Tolibon“ ham bu chaqiriqqa ijobiy munosabat bildirishi kerak, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Amerika bilan siyosiy munosabatlarni yaxshilashga harakat qilishlari kerak. Siyosiy munosabatlarni rivojlangantirgan sayin Tolibonning qadriyatiga zarba beradigan talablar qo‘yilishi mumkin. Mamlakatda demokratiya bo‘lishi, gender tengligi, ayollar huquqi va boshqalarni amalga oshirish talablari Afg‘oniston uchun juda katta muammolar hisoblanadi”. — dedi Abdurahmon Tashanov.

Baxtiyor Ergashev. Foto: SMTI.

“Ma'no” ilmiy-tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev “Gazeta.uz” bilan suhbatda Afg‘onistonda shakllanayotgan terrorchi guruhlarning boshqa davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga ham xavf solishi mumkinligini aytib o‘tdi.

“Menimcha, Afg‘onistonda „Tolibon“ hukumatga kelganidan so‘ng, hali ham vaziyatni qo‘lga olishgani yo‘q. Boshqa mamlakatlar „Tolibon“ hukumatini tan olishyapti. Afg‘oniston hozir ko‘plab muammolar ichida qolib ketmoqda. Iqtisodiy muammolar mamlakatni tanazzulga olib bormoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan Afg‘onistonga ko‘plab gumanitar yordamlar yetkazilmoqda. Toliblar hech qachon O‘zbekiston bilan aloqalarni salbiy tarafga o‘zgarishini xohlamaydi. Agar O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar buzilsa, o‘zlariga juda qiyin bo‘lishini bilishadi”, — dedi u.

“Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonga uyushtirilayotgan hujumlar, albatta, xalqaro terrorchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilmoqda. „Tolibon“ hozircha ular bilan kurash olib bormoqda. Lekin kelajakda terrorchi tashkilotlar Afg‘onistonda faoliyatini kengaytirsa, ular ko‘plab a’zolarini yig‘ib olishsa, Afg‘oniston xududi xalqaro terrorchi tashkilotlar makoniga aylanib qolishi mumkin”, — dedi Baxtiyor Ergashev.

“Bundan tashqari, toliblarning ham ularga kuchi yetmay qolishi, terrorchi tashkilotchilar nafaqat O‘zbekistonga, balki boshqa davlatlarga ham xavf solishi mumkin. 5 ta raketa snaryadining Termiz shahrining aholi yashaydigan xonadonlarga kelib tushishi ham bizni juda xavotirga qo‘ymoqda. O‘ylab ko‘ring, agar shu raketalarning bittasi o‘z vazifasini bajarganda, ya’ni portlaganda qancha qurbonlar bo‘lishi mumkin edi. Shuning uchun Afg‘onistonda hozirgi vaziyat butun dunyo mamlakatlarini o‘ylantirishi kerak. Hozir bu muammolar ijobiy hal qilinmasa, ertangi kunda butun dunyo mamlakatlariga xavf-xatar solishi mumkin bo‘lgan katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin”, — dedi ekspert.

Foto: Youtube`dagi videodan lavha.

Siyosatshunos Farhod Tolipov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbat qilar ekan, “Tolibon” uchun Afg‘onistonda boshqarish ustuvor vazifa bo‘lib turgan vaziyatda boshqa davlatlarga tahdid qilish imkoniyati past", deya fikr bildirdi.

“Afg‘onistondagi vaziyat hozir juda chigal, chunki “Tolibon” hukumatini xalqaro hamjamiyat tan olmagan. Agar tan olishmasa, toliblar davlatni qanday boshqarishi, iqtisodiy muammolarni qanday hal qilishi haqida bir narsa deyish qiyin. Shuning uchun ko‘p jihatlar “Tolibon"ni xalqaro hamjamiyat tan olishiga borib taqaladi. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistondagi beqaror vaziyatda, toliblar uchun mamlakat boshqarishi ustuvor vazifa bo‘lib turganda, boshqa davlatlarga tahdid qilish imkoniyati past darajada. Shuning uchun bizga baland darajada tahdidlar bor deb aytish noto‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi Farhod Tolipov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat ham “Tolibon” va O‘zbekiston aloqalarini ijobiy deb baholamoqda.

“O‘zbekiston Afg‘onistonga juda ko‘plab gumanitar yordamlar berib kelmoqda. Menimcha, toliblar O‘zbekiston bilan aloqalarni buzmaslik choralarini ko‘rishsa kerak. Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga raketalar otilishi yuzasidan esa ular aybdorlarni topib, jazolashganini aytib o‘tishdi. Hozircha kuzatishimiz kerak, bunday holatlar yana takrorlanadimi yoki yo‘q, bu haqda keyin xulosa qilamiz. Umid qilamizki, bunday holatlar takrorlanmaydi”, — dedi siyosatshunos.


Temur Umarov. Foto: Forbes.ru.

“Gazeta.uz” bilan suhbat davomida mazkur holatlarga Markaziy Osiyo davlatlarining ichki va tashki siyosati, qolaversa, Xitoyning sobiq Ittifoq mamlakatlari va Rossiya bilan aloqalari bo‘yicha mutaxassis, Karnegi Moskva markazi ilmiy xodimi Temur Umarov ham fikr bildirdi.

“Nazarimda, Termizda sodir bo‘lgan voqea mavjud holatni unchalik ham o‘zgartirmaydi. Ya’ni, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi bunga o‘xshash noxush voqealarga bugun duch kelib turgani yo‘q. Sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng mening toliblarga nisbatan ham, Kavkaz masalasini yechimiga nisbatan ham fikrlarim jiddiy o‘zgarmagan. Bu O‘zbekiston ushbu voqealardan keyin Tolibon hukumati bilan mavjud aloqalarni uzadi, Afg‘oniston bilan hamkorlikni to‘xtatadi, degani ham emas”, — dedi u.

Uning fikricha, O‘zbekiston ushbu qarorni qabul qilib, hamkorlik tomon qadam bosayotganidayoq, bunday holat ham sodir bo‘lishi mumkinligini oldindan sezgan.

“O‘zbekiston mazkur va shunga bog‘liq boshqa masalalarni hal qilishning yagona yechimi — toliblar, Afg‘oniston bilan hamkorlikni davom ettirish, mazkur hududni iqtisodiy rivojlantirish va aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi gorizontal munosabatlarni shakllantirish va boshqalarda deb biladi. Ya’ni, O‘zbekiston tomoni bugun Afg‘onistonda haqiqatda hokimiyatni qo‘lida ushlab turish quvvatiga ega bo‘lgan shaxslar guruhi bo‘lgan toliblarga ishonch bildirmoqda-ki, u yerda bu kabi quvvatga ega bo‘lgan boshqa guruhlar hozirda mavjud emas va yaqin kelajakda vujudga kelishi ham qiyin”, — dedi Temur Umarov.

“Hududda davlat idoralari va boshqa guruhlar bilan kurashishda, mamlakatni iqtisodiy inqirozdan chiqarishda va amalda butun mamlakat bo‘ylab vaziyatni barqarorlashtirishda “Tolibon"dagina imkoniyat mavjud, hozircha boshqa yo‘li ham yo‘q. Shu sababli yuqoridagi kabi veoqealar qayta sodir bo‘lgan taqdirda ham Markaziy Osiyoning “Tolibon"ga nisbatan munosabatini jiddiy o‘zgartira olmaydi”, — dedi ekspert.

Uning fikricha, Markaziy Osiyoda voqealarning terroristik tashkilotlar faollashuvi kabi rivojiga tayyorgarlik bo‘lgan va boshidanoq ushbu holat hisobga olingan.

Shu sababli bu kabi holatlar kelgusida Markaziy Osiyo davlatlariga muntazam ravishda tahdid solib turishi mumkin. Sodir bo‘lgan holat ham istisno emas, balki bu Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tayyor turilgan holatlardan biridir. “Tolibon"ning hukumatga kelishi bilan terroristik tashkilotlarning faollashuvi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q, balki buni Amerika qo‘shinlarining hududdan chiqib ketishi bilan izohlash mumkin. Bizga ma’lumki, Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondagi holatni nazorat ostida ushlab turgan edi. Ular mamlakat shimolida bo‘lib turgan paytlarida toliblar tomonidan nazorat qilinmaydigan bufer hudud mavjud edi. Ular ketgach, Afg‘oniston shimoli ham toliblarning qo‘liga o‘tdi va bu aynan o‘sha voqealar bilan bog‘liqdir”, — dedi siyosatshunos.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, jahon hamjamiyati toliblarni tan olmayapti, bu yerda asosiy masala — toliblarni kuchli hokimiyat sifatida tan olishda emas.

“Bu yerda asosiy masala — toliblarni radikal tashkilot bo‘lganiga ko‘z yumish va afg‘on xalqi hayotini yaxshilash maqsadida tolibonlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishida. Mana, masala qayerda. Jahon hamjamiyati bu borada jiddiy qadamlar qo‘yishga tayyor emasligi esa „Tolibon“ uchun mavjud vaziyatni yanada chigallashtiradi. Mamlakat tashqarisida toliblar uchun yordam ko‘rsatadigan shtab mavjud, lekin bu yerda uning qurol savdosi, narkotrafik kabi boshqa daromadlari ham borligini unutmaslik darkor”, — dedi Temur Umarov.

Qolaversa, u turli tashkilotlar tomonidan yuborib turilgan insonparvarlik yordamlarini ham inobatga olish kerakligini aytdi.

“Shunday qilib, tolibonlar hozircha oqim bo‘ylab suza olish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Lekin uzoq muddatli kelajakda ular hozirda amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalari ish bermay qolishi ortidan yanada radikallashib ketishlari, kuch ishlatish, so‘rash emas, talab qilish pozitsiyasiga o‘tib ketmasliklariga ham kafolat yo‘q”, — dedi Karnegi markazi ilmiy xodimi.