Buxoroning Shofirkon tumanida fuqarolarning murojaatlariga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining sobiq inspektori D.N. va uning tanishi A.T. 13 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga markaz rahbari orqali ishsizlik nafaqasi tayinlab berish evaziga 700 AQSh dollari va 6 mln so‘mini qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Ushbu pullar hisobidan fuqaro F.M.ga 500 ming so‘mni qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.