«O‘zavtosanoat» (UzAuto) va Xitoyning BYD Auto avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi O‘zbekistonda BYD avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bitim imzoladi. Bu haqda o‘zbek kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat O‘zbekistonda BYD avtomobillarining to‘liq sikli (CKD: shtamplash, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish) ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘ladi. Bundan tashqari, kelishuv shartlari mahsulotlarni mahalliylashtirish dasturini o‘z ichiga oladi — keyingi bosqichlarda dvigatellar, elektrodvigatellar, shuningdek, avtomobil, akkumukyatorlari uchun batareyalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tashkil etiladi.

Joriy yilning to‘rtinchi choragidan boshlab ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida, O‘zbekistonda BYD avtomobillarining «Sinov savdosi» doirasida bozorni o‘rganish dasturi ishga tushiriladi. Ushbu bosqichni amalga oshirish uchun BYD Auto mahalliy bozor uchun avtomobillarini, shu jumladan axboriy-ko‘ngilochar tizim tilini (rus, o‘zbek) moslashtiradi.

Fevral oyida tomonlar O‘zbekistonda yangi energiya manbalaridan (NEV — gibridlar, elektromobillar va elektrobuslar) foydalangan holda avtomobillar va avtobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olgan edi. Loyiha, shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini yaratish, jumladan, akkumulyatorlar va elektromobil motorlarini ta’mirlashni ham o‘z ichiga oladi.

BYD Auto Industry Co., Ltd. (Build Your Dreams) — ko‘p millatli BYD Co Ltd kompaniyasining sho‘’ba korxonasi bo‘lib, u yangi energiya vositalarini (NEV) ishlab chiqaradi, turli mamlakatlarda 8 ta zavodga, R&D markazlariga ega va NEV sotish bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni egallaydi hamda Xitoyda birinchi o‘rinda turadi.

Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati yiliga qariyb 1 mln avtomobilni tashkil etadi va yaqin yillarda avtomobil ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 100 mlrd dollarni tashkil etadi va 220 mingdan ortiq ishchisi mavjud.