O‘zbekistonda har bir mahalla uchun budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanmaydigan Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyovning 16 avgustdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Quyidagilar jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

  • mahalladagi hududi 2000 kv m gacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda;
  • mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;
  • mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisi tavsiyasi asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy budjetdan ajratiladigan mablag‘lar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning texnik ko‘mak mablag‘lari (kredit, grant, beg‘araz yordam va boshqalar);
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Quyidagilar jamg‘armalar mablag‘laridan moliyalashtiriladigan asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi:

  • mahalla hududidagi ichki yo‘llar, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqova suv tizimini ta’mirlash va tiklash;
  • mahalla binosi, mahalla hududida joylashgan sport maydoni, nuroniylar choyxonasi, yoshlar markazi, bolalar maydonchasi, kutubxona, madaniyat markazini qurish, mukammal va joriy ta’mirlash hamda ularni inventar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash;
  • mahalla hududida infratuzilmani rivojlantirish, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish hamda ularning turar joylarini ta’mirlash va jihozlash.