18−19 avgust kunlari shimoliy yarim shar xususan, O‘zbekistonda ham magnit bo‘ronining o‘ta faol bosqichi kuzatiladi. Kun davomida G3 va G4 darajaga ega 5−6 ballik magnit bo‘ronlari bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» mutaxassisi Erkin Abdulahadov xabar berdi.

G4 darajalik magnit bo‘roni yuqoriroq ta’sir kuchiga ega bo‘lib, 6 ballik magnit maydon geomagnit po‘rtana (shtorm) kuchiga ega. Bu kuch aloqa, elektr tarmoqlari, navigatsiya tizimi, sun’iy yo‘ldoshlar parvozi, quvur va trubalardagi induksiya oqimi, geologik qidiruv ishlari hamda inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, kun davomida juda ham ko‘pchilikda bosh orqa qismida karaxtlilik va biroz ko‘ngil aynish holatlari kuzatilishi mumkin.

Magnit bo‘ronlarining inson salomatligiga bevosita ta’siri fanda o‘z isbotini topmadi. Ammo shunga qaramay, magnit bo‘roni boshlanishidan 1 kun oldin ya’ni quyosh fotosferasida chaqnashlar ro‘y berganda ayrim ob-havo o‘zgarishiga moyil kishilar kuchli zo‘riqishlarga duch kelishadi.

SSV bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidovaning ta’kidlashicha, magnit bo‘roni inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bundan ayniqsa, arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar ko‘proq aziyat chekadi.

«Magnit bo‘roni bronxial astma bilan og‘rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan. Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish lozim. Ko‘proq ho‘l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko‘p bo‘lgan banan va boshqa sitrus ne’matlardan iste’mol qilish zarur», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, surunkali kasalliklarga chalinganlar o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim. «Kun davomida bir marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi. Qon bosimidan shikoyati bor bemorlar ko‘proq suv ichib, sho‘r taomlarni kamroq iste’mol qilganlari ma’qul. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi», — dedi SSV bosh nevrologi.

Magnit bo‘ronlari — kompas magnit milining surilishini qo‘zg‘atuvchi Yer magnit maydonining keskin o‘zgarishi hisoblanadi. Magnit bo‘ronlari bir vaqtda Yer yuzining katta hududlarida, ba’zan butun Yer yuzida kuzatiladi. U ko‘pincha, tun vaqtiga to‘g‘ri keladi va odatda, qutbiy yog‘du, momaqaldiroq, zilzila paytida sodir bo‘ladi hamda har 11 yilda kuzatiladigan Quyosh faolligining kuchayishi davrida tez-tez takrorlanib turadi.