Konya (Turkiya) shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari turli sport yo‘nalishlarida yana 21 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Dzyudo

-100 kg vazn toifasida bahs olib borgan o‘zbekistonldik dzyudochi Muzaffarbek To‘raboyev Islom birdamligi o‘yinlarining chempioni bo‘ldi. U finalda Rio-2016 olimpiya o‘yinlari finalchisi ozarbayjonlik Elmar Gasimovni mag‘lubiyatga uchratdi.


O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi a’zosi Gulnoza Matniyazova Islom birdamligi o‘yinlarida delegatsiya hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi. U -70 kg vazn toifasining final bellashuvida tunislik Nihel Landolsiga qarshi kurashib, g‘alabaga erishdi.

Islom birdamligi o‘yinlarida +100 kg vazn toifasida qatnashgan dzyudochi Alisher Yusupov finalda BAA vakili Magomedumar Magomedumarovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.


-81 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Sharofiddin Boltaboyev uchinchi o‘rin uchun kurashda ozarbayjonlik Zelim Tkayevni mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.


Ayollar o‘rtasidagi dzyudo bellashuvlarida -70 kg vazn toifasida Shohista Nazarova bronza medali uchun kurashda eronlik Maryam Barbatdan ustun keldi.


Dzyudo bo‘yicha -90 kg vazn toifasida bahs olib borgan Davlat Bobonov Islom birdamligi o‘yinlarining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Suzish

Erkaklar o‘rtasida 4×100 metrga kompleks usulda suzish bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi (Aleksey Tarasenko, Eldorbek Usmonov, Vladislav Mustafin, Xurshidjon Tursunov) o‘yinlar rekordini o‘rnatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.

100 metrga erkin usulda suzish bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari Aleksey Tarasenko oltin (49,54 soniya) va Xurshidjon Tursunov kumush (49,61) medalga sazovor bo‘ldi.

Qilichbozlik

Qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar termasi rapira dasturida jamoaviy bahslarda Turkiya terma jamoasini 45:36 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Umida Ilyasova, Kamila Mirzayeva, Ilaida Gedikli, Marjona Usmonovадан iborat qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston ayollar termasi esa rapira dasturida jamoaviy bahslarda turkiyalik atletlarga imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.

18 yoshli Shahzoda Egamberdiyeva qilichbozlikning shpaga dasturida finalda turkiyalik Aleyna Erturkga yutqazib, kumush medalga ega bo‘ldi.

Shpaga bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘iziston jamoasidan ustun kelib, sablya bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Mali ustidan g‘alabaga erishib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasida shpaga qurolida bronza medali uchun kechgan bahsda O‘zbekiston terma jamoasi Senegal ustidan g‘alabaga erishdi. Tarkib: Shahzoda Egamberdiyeva, Sevara Rahimova, Dilnaz Murtazayeva, Marjona Zubaydulloyeva.

Qoraqalpoq qilichbozlik maktabining vakillaridan biri Musa Aymuratov Islom birdamligi o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarildi. U sablya bo‘yicha yakkalik dasturida yarim finalgacha yetib borib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Kamondan otish bo‘yicha terma jamoa a’zolari Amirxon Sadikov hamda Ziyodaxon Abdusattorova mikst dasturida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Sport gimnastikasi

Oksana Chusovitina, Dildora Aripova hamda Ominaxon Ҳалилоvaдан iborat O‘zbekiston sport gimnastikachilari trioda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Sport gimnastikasining ayollar o‘rtasidagi ko‘pkurash dasturida ishtirok etgan Dildora Aripova 48.400 ball jamg‘arib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Karate

-67 kg vazn toifasida jang qilgan Sadriddin Saymatov O‘zbekiston delegatsiyasiga oltin medalni taqdim etdi. U hal qiluvchi bellashuvda Marokash vakilidan ustun kelib, Islom birdamligi o‘yinlarining chempioniga aylandi.

Karate bahslarida -55 kg vazn toifasida ishtirok etgan Sevinch Rahimova bronza medali uchun kechgan jangda indoneziyalik raqibasini mag‘lubiyatga uchratdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 18 avgust sanasida V Islom birdamligi o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi o‘tkaziladi. Musobaqaning so‘nggi kunida to‘rtta sport turi bo‘yicha medallar o‘z egalariga topshiriladi.