2022 yilning birinchi yarim yilligida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 11 600 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Shundan 6 551 tasi qanoatlantirilgan, 4 546 tasi bo‘yicha esa tushuntirishlar berilgan.

Bu haqda 17 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ta’kidlanishicha, 6 oy ichida 14 066 ta tashkilot va korxonalarda o‘rganishlar o‘tkazilgan hamda mehnat sohasiga oid 41 150 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.


Foto: AOKA.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida ish beruvchilarga 5 688 ta yozma ko‘rsatma va 1 866 ta taqdimnoma kiritilgan. 5 935 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 12 mlrd 57 mln so‘mdan ortiq ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning ta’kidlashicha, fuqarolarning manfaatlarida sud organlariga mingdan ziyod da’vo arizalar kiritilgan. «Natijada jami 5 milliard so‘mdan ortiq oylik ish haqi va boshqa to‘lovlari undirib berilgan», — dedi u.

«Mehnat huquqlariga oid qonunbuzilish holatlari O‘zbekistonning barcha hududlarida sodir bo‘lmoqda. Ayniqsa, Qashqadaryo, Samarqand, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida ko‘rsatkich yuqori», — deya qo‘shimcha qildi vazir.