Yashnobod tuman sudi 50 ming dollar pora bilan ushlangan Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisini 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati.

Avvalroq DXXning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisi 50 ming dollarni pora tariqasida olayotgan vaqtida qo‘lga olingani xabar berilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, u mazkur mablag‘ni qurilish-ta’mirlash ishlariga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, ushbu jamiyat rahbariga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik evaziga talab qilgan.

Holat yuzasidan gumondor Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 45-moddasiga (muayyan huquqdan mahrum qilish) asosan uch yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida va prokuratura idoralarida ishlashdan mahrum qilingan holda 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.