O‘zbekiston Transport vazirligi Turkmaniston va Eron Transport vazirliklari bilan xalqaro yuk tashuvlari rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov 15−16 avgust kunlari Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlatlar Transport vazirlarining «Ashxobod jarayoni: o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish uchun» mavzusidagi xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida Ilhom Mahkamov Turkmaniston Transport va kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Mammetxan Chakiyev hamda Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Said Rustam Qosimiy bilan transport va logistika sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yuk tashuvlarida o‘zaro imtiyozlar taqdim etish va milliy tashuvchilarga qulayliklar yaratish masalasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Mammetxan Chakiyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida tomonlar Ashxobod bitimi doirasida «O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron» xalqaro transport va tranzit yo‘lagi orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarlarini tashkil etish, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘imlarni qisqartirish, O‘zbekiston milliy haydovchilariga Turkmaniston vizasini olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Eron yo‘l va shaharsozlik vaziri Said Rustam Qosimiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda avtomobilda xalqaro yuk tashuvlari uchun o‘rnatilgan yig‘im va to‘lovlar miqdorini qisqartirish, «Chobahor» portidan O‘zbekistonga pilot yuk avtomobil tashuvlarni tashkil etish, O‘zbekiston orqali «Xitoy-Yevropa» transport yo‘nalishida tashuvlarni rivojlantirish maqsadida Eron tomoni bilan Turkiyaning Van ko‘li orqali tashuvlar sxemasini hamkorlikda ishlab chiqishga kelishildi.

Eslatib o‘tamiz, bir hafta muqaddam prezident Shavkat Mirziyoyev eksportyorlar uchun eng maqbul yo‘nalishlarni ishlab chiqish va ularning transport xarajatlarini kamaytirish, eksport yuklarini Yevropaga olib o‘tish uchun qo‘shimcha ruxsatnomalar olish masalalarini hal etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Davlat rahbari avtomobilda yuk tashish uchun Pokiston va Turkmaniston bilan qo‘shma transport kompaniyalari tashkil etish taklifini bildirdi.