Hukumatning “2022−2026 yillarda O‘zbekistonda o‘smirlar salomatligi va farovonligini mustahkamlash bo‘yicha Milliy Harakatlar Strategiyasi va uni amalga oshirish dasturi to‘g‘risida"gi qarori jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Hujjat O‘zbekistonda har bir o‘smirning sog‘lig‘iga bo‘lgan huquqlarini to‘liq ta’minlash va barcha bosqichlarda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun shart-sharoit yaratishni nazarda tutadi.

Qaror loyihasida O‘zbekistonda o‘smirlar salomatligi va farovonligini mustahkamlash bo‘yicha Milliy Harakatlar Strategiyasining quyidagi muhim yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan:

  • birlamchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan foydalanish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish orqali o‘smirlarning ehtiyojlariga javob beradigan, to‘liq moliyalashtirilgan sog‘liqni saqlash tizimiga o‘tishga ko‘maklashish hamda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha salohiyatini kuchaytirish va turli vazirlik va tashkilotlar e’tiborini o‘smirlar salomatligi va farovonligiga qaratish;
  • profilaktik tadbirlar, psixologik va ijtimoiy maslahatlar asosida yoshlar rivojlanishidagi ustivor vazifalarni belgilash orqali maktab salomatligi dasturlarini amalga oshirishda investitsiyalarni jalb qilish;
  • o‘smirlar salomatligi va farovonligini ta’minlashda mahallaning asosiy subyekt sifatidagi rolini kuchaytirish;
  • monitoring, baholash, mas’uliyatni kuchaytirish, yetakchilik va tadqiqot jarayonlarida ma’lumotlarni yig‘ish hamda tahlil qilishning qat’iy tartiblarini o‘rnatish orqali takomillashtirish.

Strategiya barcha tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddi vakillari hamda bevosita o‘smirlar ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekistonda o‘smirlarning sog‘lom bo‘lishi, to‘g‘ri rivojlanishi va jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topish salohiyatiga ega bo‘lishini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Hujjat manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan, shuningdek, donorlar hisobidan o‘smirlar salomatligini saqlashga ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanishni ta’minlashni xisobga olgan holda, eng ustuvor vazifalarni qamrab olgan tadbirlar majmuidir.

Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida quyidagi beshta ustuvor yo‘nalishlar belgilangan:

  • sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;
  • ekologik barqarorlikka va atrof-muhitni muhofaza qilishga erishish;
  • o‘smirlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va tengdoshlari, ota-onalari va jamiyat a’zolari bilan sog‘lom munosabatlarni o‘rnatish;
  • sog‘liqni saqlash tizimini yanada mustahkamlash orqali tibbiy yordam sifatini oshirish;
  • istiqbolli kelajakni yaratish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish.

Strategiya inson huquqlari va bola huquqlari tamoyillariga asoslanadi hamda barcha o‘smirlar salomatligining eng yuqori xalqaro standartlariga erishish huquqiga urg‘u beradi.

2023 yildan boshlab doimiy ravishda 10−15 yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida mikronutriyent (inson organizmining normal o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan, o‘rnini boshqa narsa bosa olmaydigan oziq-ovqat moddalari, vitaminlar) yetishmovchiligini oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqarish va amalga oshirish maktablar va tibbiyot muassasalari negizida o‘smirlar o‘rtasida degelmintatsiya (gelmintlarni barcha rivojlanish fazalarida yo‘qotishga qaratilgan davolash-profilaktika tadbirlari majmui) dasturlari joriy etiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 sentabrdan maktablar va ularning atrofida shakarli, gazlangan va energetik ichimliklar, shuningdek tez tayyorlanadigan taomlar savdosi ustidan nazorat kuchaytirilib, 500 metr atrofidagi hududlarda ularning savdosi taqiqlanadi.

Loyihada 2023/2024 yil o‘quv yilidan boshlab tibbiyot ta’limi tizimida o‘smirlarning ovqatlanishi bo‘yicha o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, ratsional ovqatlanishiga oid mavzularni kiritish taklif etilmoqda.

2022 yil yakuniga qadar analitik xat va moliyaviy imkoniyatlar asosida umumta’lim maktablarini, birinchi navbatda, chekka aholi punktlarida joylashgan maktablarni maktab avtobuslari bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2022 yildan boshlab o‘smirlar o‘rtasida psixofaol moddalarni, tamaki, spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar iste’mol qilishni aniqlash bo‘yicha ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida taqdiqod o‘tqazish, tahlil qilish va tavsiyalarni ishlab chiqish belgilanmoqda.

2023 yildan boshlab zo‘ravonlikka uchragan o‘smirlarni aniqlash, ularning muammolariga yechim topish va ularga har tomonlama tibbiy, psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish va joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, 2022 yildan boshlab barcha turdagi vasiylik va homiylik muassasalaridan, respublika ta’lim muassasalaridan, tarbiya koloniyalaridan chiqib ketayotgan o‘smirlar va yoshlarning reintegratsiyalashuvi ko‘maklashilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 2022 yildan boshlab tuman miqyosida pediatriya, gastroyenterologiya, ginekologiya, urologiya, toksikologiya va psixiatriya sohalarida faoliyat yurituvchi barcha tibbiyot mutaxassislari, o‘smirlar salomatligi markazlari xodimlari va oilaviy shifokorlar uchun o‘smirlar maslahati asoslari bo‘yicha o‘quv kurslarini ishlab chiqish va joriy etish belgilanmoqda.

Loyiha muhokamasi 30 avgustga qadar davom etadi.

Avvalroq O‘zbekistonda qariyb ikki yildan beri o‘smirlar salomatligi va farovonligini himoya qilish strategiyasi loyihasi muhokama qilinayotgani haqida xabar berilgan edi. Mutaxassislar esa “bu vaqtda yo‘l-transport hodisalarida bolalar o‘limi hamda qiz va o‘g‘il bolalar orasida suitsid chidab bo‘lmas darajada yuqoriligicha qolayotgani, bu shoshilinch kompleks choralar ko‘rishni talab etishini” ta’kidlagan edi.