O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022−2026-yillarda O‘zbekistonda o‘smirlar salomatligi va farovonligini mustahkamlash bo‘yicha Milliy harakatlar strategiyasi loyihasini taqdim etdi.

Hujjatga ko‘ra, ularda barcha sabablardan o‘lim darajasi 100 ming kishiga 47,2 ni tashkil etadi. Yo‘l-transport jarohatlari 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘limining birinchi sababi bo‘lib, OIV/OITS, sil va oshqozon-ichak kasalliklarini birlashtirgandan ko‘ra ko‘proq o‘limga olib keldi.

O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi Yevropa mamlakatlariga qaraganda to‘rt baravar yuqori.

Strategiyani amalga oshirish dasturida umumta’lim maktablarini, birinchi navbatda, chekka aholi punktlarida joylashgan maktablarni maktab avtobuslari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, o‘smirlar o‘rtasida jarohatlanishning oldini olish, shu jumladan, yo‘l harakati qoidalarini keng targ‘ib qilish, YTHlar va jarohatlanishlarning oldini olish hamda xavfsiz yo‘l harakati muhitini yaratish rejalashtirilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 1,3 mln ga yaqin odam YTHlar natijasida vafot etadi hamda o‘limning 93 foizi past va o‘rta daromadli mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Yo‘l-transport jarohatlari 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar o‘limining asosiy sababidir.

O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3559 YTH sodir bo‘lgan (5,2 foizga kamaydi), ularda 2775 kishi (-2,4 foiz) tan jarohati olgan va 784 kishi halok bo‘lgan (-13,9%). Baxtsiz hodisalarning deyarli to‘rtdan bir qismi tezlikni oshirishdan kelib chiqadi. Deyarli yarmi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq.