Chess.com saytida Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan Shaxmat Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi murabbiysi — shaxmat ustasi, sobiq top-grossmeyster Ivan Sokolovning katta intervyusi e’lon qilindi. Sokolov sayt bilan suhbatda shaxmatdagi o‘yinchilik hamda murabbiylik faoliyati, jumladan, O‘zbekiston terma jamoasidagi murabbiylik faoliyati hamda yosh o‘zbek vunderkindlari bilan ishlash qanday ekanligi to‘g‘risida so‘zlab berdi. «Gazeta.uz» intervyuning eng qiziqarli va e’tiborga molik qismlarini e’tiboringizga havola qiladi.

Nodirbek Yakubboyev, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov, Ivan Sokolov, Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov taqdirlash marosimida. Foto: Lennart Uts / FIDE

Grossmeysterlik faoliyati

54 yoshli Ivan Sokolov 1990 yillarda va 2000 yillarning boshlarida eng yuqori saviyada o‘ynagan grossmeysterlardan hisoblanadi. U bu yigirma yillik davr mobaynida muntazam TOP-30 talikdagi shaxmatchilar qatorida bo‘lgan va jahon reytingida uch karra 12 o‘ringa ko‘tarilgan.

Sokolov Xugeven, Selfoss, Sarayevo kabi qator kuchli turnirlarda g‘alaba qozonishdan tashqari, klassik o‘yinlarda besh nafar jahon chempioni, grossmeysterlar Garri Kasparov, Vladimir Kramnik, Vishvanatan Anand, Veselin Topalov va yosh Magnus Karlsenni mag‘lub etgan.

Ivan Sokolov 2017 yilgi Yevropa terma jamoalar chempionatida. Foto: Mariya Emelianova / Chess.com

Bosniyada (o‘sha paytdagi Yugoslaviya, hozir Bosniya va Gersegovinaning bir qismi) tug‘ilib o‘sgan Sokolov 1992 yilda Gollandiyaga ko‘chib o‘tgan, hozir Amsterdamda yashaydi. 2008 yildan beri shaxmat bo‘yicha murabbiy sifatida faoliyat yuritadi.

Murabbiylikka ilk qadamlar

2013 yilda Sokolov o‘zining shaxmatdagi (o‘yinchi sifatidagi) karerasidan voz kechish va BAAda murabbiy sifatida to‘liq asosda ish boshlashga qaror qiladi. Hikoya qilishicha, bu qaror berilishi qiziq tarixga ega.

«[2013 yil] Iyun oylarida BAA shaxmat federatsiyasidan ular bilan ishlash taklifini oldim, ular Salemni (grossmeyster Salem Saleh — tahr.) yaxshiroq o‘yinchi qilib tayyorlash uchun kimnidir izlashayotgan edi. O‘sha paytda u 2550−2560 atroflaridagi [reytingga ega], yosh, iste’dodli grossmeyster edi, biroq uning keyingi bosqichga ko‘tarilishi uchun kimdir yordam berishini xohlashardi», — deya xotirlaydi Sokolov.

O‘shanda Sokolov Dubayga ko‘chib o‘tish masalasida bir qarorga kela olmagan. Uning fikricha, belgilangan ish haqi to‘lanadigan, biroq o‘z vaqtingizga o‘zingiz egalik qilolmaydigan to‘liq asosdagi ish, aslida, shaxmatchi bo‘lishning eng katta afzalligi.

O‘sha yili avgust oyi oxirlarida Sokolov qariyb 600 nafar shaxmat ustalariga mezbonlik qilgan ulkan turnir —  Vienna Open`da ishtirok etadi. Turnir davomida u tadbirning yulduz mehmoni sifatida seans beradi (bir vaqtda bir nechta o‘yinchilar bilan o‘yin o‘tkazish — tahr.), lekin turnirning 2400 atroflaridagi reytingiga ega, iqtidorli yosh turkiyalik o‘yinchisi Batuhan Dastan (hozirda grossmeyster)ga imkoniyatni boy beradi. Turnirni 6,5/9 ball bilan yakunlagan Sokolov taxminan 100 yevro miqdordagi mukofotini qo‘lga kiritadi.

Amsterdamga uchish uchun aeroportga borganida Sokolovga, reys uchun buyurtmalar me’yoridan ortib ketganligini ma’lum qilib, keyingi reysni yana ikki soat kutishga qarshi bo‘lmasa, unga 250 yevro to‘lashni taklif etishadi.

«Men rozi bo‘ldim, lekin keyin o‘yladim: bir daqiqa shoshmang, bu yerda nimadir noto‘g‘ri. Men 10 kun davomida ochiq turnirda o‘ynadim, mukofot puli 100 yevro, yangi parvoz uchun ikki soat kutishimga to‘g‘ri keladi va ular menga buning uchun 250 yevro to‘lamoqchi. Bu yerda nimadir noto‘g‘ri… Men vaziyatni tahlil qilgach, Dubayga qo‘ng‘iroq qildim va ularning taklifi hali ham o‘z kuchidami yoki yo‘qligini so‘radim».

Sokolov shu kungacha o‘z qaroridan afsuslanmagan. Uning murabbiy sifatidagi mehnatlari birin-ketin o‘z mevasini berib, u murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston terma jamoasi Chennaydagi Olimpiadani oltin medal bilan yakunladi.

U 2016 yilning yoziga qadar BAAda ishlagan, 2014 yil Tromso Olimpiadasida BAA terma jamoasiga rahbarlik qilgan, bu uning murabbiy sifatidagi ilk olimpiadasi edi. Bungacha u 1988−2012 yillardagi (Dresden 2008 dan tashqari) barcha Olimpiadalarda, Yugoslaviya, Bosniya va Gersegovina va Gollandiya nomidan, faqat o‘yinchi sifatida ishtirok etib kelgan edi.

Sokolov BAAdagi murabbiylik faoliyatini 2016 yilda yakunlab, Eron terma jamoasiga murabbiylik qila boshlaydi. Eron terma jamoasiga 2019 yilgacha, shu jumladan, 2016 yilgi Bokudagi Olimpiada hamda 2019 yilgi Jahon terma jamoalar chempionati davomida rahbarlik qilgan.

«Agar bu ish bersa, men shaxmatni qaytadan o‘rganishim kerak!»

Sokolov kabi klassik uslubda tayyorgarlikdan o‘tgan grossmeyster uchun hamma narsadan ko‘ra ko‘proq kompyuterdan foydalanishga moyil bo‘lgan shaxmatchilarning yangi avlodi bilan ishlash ham zavq beradi, ham qiyinchilik tug‘diradi.

U bilan birga ishlagan bir qator yosh o‘yinchilar ko‘pincha muayyan pozitsiya uchun juda noan’anaviy, eski bilimlarga asoslanganda noan’anaviy, bo‘lgan taklif bilan kelishadi. Bunday hollarda Sokolov, o‘zining yosh shogirdlariga grossmeyster Yan Timmandan iqtibos keltirib, «Agar bu ish bersa, men shaxmatni qaytadan o‘rganishim kerak!» deya javob beradi. Biroq kompyuter taklif etgan yurish tahlil qilinganida, ba’zan uning noto‘g‘ri ekanligi, ya’ni baholash faqat kompyuterlar o‘rtasidagi o‘yinda ish berishi mumkinligi ma’lum bo‘ladi. Odamlar o‘rtasidagi o‘yin uchun esa baholash boshqacha bo‘lishi mumkin.

Sokolov o‘zining o‘yinchilarga kompyuterdan o‘rganishda yordam beradigan aniq usuliga ega: kompyuter taqdim etgan pozitsiyalarning eng yuqori qatorlarini tanlash kerak emas. O‘yinchining o‘zi qaysi yurishni tanlagan bo‘lardi? Yoki u raqibining qanday pozitsiyada o‘ynashini taxmin qiladi? U aynan o‘sha harakatni tanlashi kerak. «Bu kompyuter uchun harakatlarning beshinchi tanlovi bo‘lishi mumkin va birinchi tanlovingiz nima sababdan xato ekanligini aniqlashda juda qo‘l keladi», — deya aniqlik kiritadi murabbiy.

«Nazarimda, men birinchi tafakkur maktabiga mansubman va hali ham bu yo‘l ko‘proq o‘zini oqlanganligiga ishonaman. Bu amalda o‘yin vaqtida siz uchun pozitsiyani boshqarishni osonlashtiradi. Lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri element har qachongidan ham ahamiyatliroq bo‘lib ulgurdi va buning uchun biz kompyuterlardan minnatdor bo‘lishimiz mumkin».

O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiylik

Joriy yilning may oyida, Sokolov sharhlovchilik qilgan hamda bir qator o‘zbekistonlik shaxmat ustalari ishtirok etgan Sharjah Masters musobaqasi vaqtida, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi unga milliy terma jamoaga murabbiylik qilish taklifi bilan murojaat qildi. Sokolov taklifni qabul qilib, iyun oyi oxirida O‘zbekistonning Toshkent shahriga uchib keldi.

Dastlab u olimpiadaga saralab olingan jamoa a’zolari, yosh grossmeysterlar Nodirbek Yakubboyev, Javohir Sindarov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov hamda Nodirbek Abdusattorovlar bilan tanishdi, ularning so‘nggi 12 oydagi o‘yinlarini o‘rganib chiqdi. Ularni ko‘proq o‘yinchi sifatida o‘rgandi, qanday harakat qilishlarini kuzatdi.

«Siz ularning miyalari qanday ishlashini tushunishingiz zarur, shunda ularga o‘zlari uchun to‘g‘ri tanlov qilishlarida yordam bera olasiz. Shuningdek, bu o‘yinchilarga qanday pozitsiyalar mos keladi, qanday „bo‘shliqlari“ bor va o‘zlari yoqtirmagan pozitsiyalarga tushmaslik uchun ularni osongina chetlab o‘ta oladilarmi yoki yo‘qligini aniqlashingiz lozim», — deydi Sokolov.

Sokolov ishga kirishar ekan, yosh shogirdlariga ularning yaxshiroq o‘yinchi sifatida o‘sishida, to‘g‘ri tanlovlarni amalga oshirishida yordam bera olishi, shuningdek, ustida ishlashlari zarur bo‘lgan jihatlarni ko‘rsatib berishi mumkinligini ta’kidlagan. U shaxmatchilarga o‘yinda ochilishning o‘ziga xos yo‘li yoki muayyan turdagi pozitsiyalardan kelib chiquvchi bir qator o‘yin pozitsiyalarini tanishtirdi, ularning qaror qabul qilish jarayoniga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning pozitsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi Eron jamoasi bilan ishlagan paytdan boshlab qariyb 70 foizga yangilangan.

«O‘yinning yuqori pog‘onasida qolish uchun murabbiy sifatida sizdan nima talab etiladi: o‘yinning rivojlanishini, shuningdek, [o‘yinda] ochilishning yangi g‘oyalarini tushunish uchun ma’lumotlar bazangizni muntazam yangilab turish, sababi o‘yinchilaringiz [shaxmat] doska ustidagi o‘yinda bunga duch kelishadi. Buni tushunishga harakat qilishingiz kerak, bu haqda fikrga ega bo‘lishingiz kerak. O‘yinchiga „Bu haqda hech narsa bilmayman. Bu men o‘yinchi bo‘lgan paytimdagidan farq qiladi“, deya olmaysiz».

Sokolov Olimpiada oltin medali sovrindorlarining turli uslublarini shunday sarhisob qildi:

Nodirbek Abdusattorov: «Magnusga yaqin».

Nodirbek Yakubboyev: «Serqirra o‘yinchi».

Javohir Sindarov: «Sof taktik».

Jahongir Vohidov: «A’lo darajadagi nazariyotchi».

Shamsiddin Vohidov: «Asosan taktik mutaxassis».

«Mening vaziyatimda, ular bilan qanday ishlashni tushunganligim Olimpiada davomida ham to‘g‘ri tanlov qilishimga yordam berdi», — deydi Sokolov. «Biroq har doim ham oson kechmadi, masalan, Hindiston 2 bilan o‘yinda Sindarov grossmeyster Praggnanandaga qarshi o‘yin vaqtida duch kelgan shoxning hindcha pozitsiyasini ko‘rganimda juda kayfiyatim tushib ketdi».

Sokolov Praggnanandxaga imkoniyatni boy bergan Sindarovga tasalli bermoqda. Foto: Lennart Uts / FIDE

Sokolov O‘zbekiston muvaffaqiyatlarida o‘zining roliga qanday qaraydi?

«Nazarimda, murabbiy sifatida o‘yinchilarga yaxshiroq yordam bera olasiz — qachonki, o‘zingiz ham shunday vaziyatni boshdan kechirgan taqdiringizda. Men Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritmaganman, biroq Olimpiada kumush medalini qo‘lga kiritganman [Rossiyadan keyin, 1994 yil Moskvada o‘tkazilgan Olimpiadada Bosniya va Gersegovina nomidan ikkinchi doskada dona surgan]. 2005 yilda Yevropa chempioni bo‘ldik [Gollandiya terma jamoasi]. Aytib o‘tganimdek, ko‘plab jahon chempionlarini mag‘lub etdim. Mana shu tajribalarimga asoslanib, o‘yinchilarga katta yordam bera olishimga ishonaman».

«Mening ta’sirim foizlarda qanday, bilmadim. Lekin bir narsani bilaman: Salem bilan, Eron bilan va hozir O‘zbekiston bilan erishgan muvaffaqiyatlarim tasodif emas. Men bilgan narsa shu», — deya qo‘shimcha qiladi Sokolov.

Olimpiada oldidan Sokolov Chennayda oltin medalni qo‘lga kiritish haqida o‘ylamagan edi.

«Toshkentdaligimda mendan medal olish imkoniyatimiz bor yoki yo‘qligi haqida ko‘p marta so‘rashdi, lekin imkoni bor, deb o‘ylaganligimga qaramay, umid berishni xohlamadim. Biroq menga AQSh g‘alaba qozonmasligi juda ehtimoldan yiroq tuyuldi, men qolganlar orasida eng yaxshisi bo‘lish uchun imkoniyatlarimiz qanday, deb o‘ylardim», — deydi Sokolov.

«Jamoalarni tahlil qilar ekanman, biroz omadimiz bor, degan xulosaga kelgan edim. Chunki Hindiston g‘alaba qozonish uchun yagona jamoani emas, yaxshiroq natijaga erishish uchun uchta jamoani tanlayapti. Sababi ular jamoani g‘alaba qozonish uchun tanlaganlarida, grossmeyster Gukesh birinchi jamoada bo‘lar edi. Hindistonning uchta jamoasi ham kuchli, biroq yengilmas emasdi, masalan, Gollandiya, Germaniya, Fransiya yoki Ispaniya kabi. Men jamoamizga yetarlicha baho berilmadi, deb o‘yladim va haq bo‘lib chiqdim, chunki shaxmatchilarimiz umumiy hisobda o‘z reytingini 80 reyting ochkosiga yoki undan ko‘proqqa (84,4 ballga — chess.com) oshirishga muvaffaq bo‘lishdi».

Sokolovning qayd etishicha, jamoa oltinni qo‘lga kiritishi mumkinligiga u AQSh bilan kechgan o‘yindagi g‘alabadan keyin amin bo‘lgan.

Murabbiy Olimpiada vaqtida o‘yinchilarning Bermud ziyofati — har doim Olimpiadalarda dam olish kunidan oldin o‘tkaziladigan an’anaviy ziyofatda ishtirok etishi yoki yo‘qligi yuzasidan berilgan savolga shunday javob beradi: «Ular Bermud ziyofatiga juda ishtiyoqmand bo‘lishdi, lekin men ularga: „Sizga u yerga borish taqiqlangan, lekin men o‘zimni ham jazolamoqchiman. Bu 1988 yildan beri men ishtirok etishni istamagan ilk Bermud ziyofati bo‘ladi. Demak, agar bu sizga tasalli bersa, men ham mehmonxonada qolaman“, dedim. Bu to‘g‘ri qaror edi».

Dam olish kunida Sokolov o‘z jamoasiga Olimpiadada g‘alaba qozonish imkoniyati haqiqatga yaqin ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, u AQShga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonish uchun ajoyib imkoniyat boy berilganligiga qaramay, 2:2 hisobidagi o‘yin a’lo darajadagi natija ekanini ta’kidladi:

«Ularga shunday dedim: birinchidan, biz ular [AQSh]ga qarshi boshqa o‘ynay olmaymiz; ikkinchidan, bizda yaxshiroq tay-breyk bor va bu ehtimol o‘zgarmaydi; va uchinchidan, biz ayni paytda ikkinchi [raqamli] eng yaxshi boshqa jamoalar bilan o‘ynar ekanmiz, ular biz uchun boshqa jamoalarni mag‘lub etishadi va bizga yo‘l ochishadi. Bilamizki, [voqealar rivoji] aynan shunday bo‘lib chiqmadi».

Sokolov (chapda), Hindiston 2 murabbiyi, grossmeyster Ramesh bilan, Olimpiada asosiy uchrashuvining hal qiluvchi daqiqalarida. Foto: Mariya Emelianova / Chess.com

Sokolovning tan olishicha, so‘nggi turda Hindiston 2 bilan o‘yinda jamoaga omad kulib boqdi. «Mag‘lubiyatga uchramaganligi jamoaning omadi edi. Gukesh muqarrar g‘alaba yurishini barbod qildi. O‘sha o‘yinda men o‘zim uchun 3:1 hisobida mag‘lubiyatga imzo chekib bo‘lgan edim», — deya qayd etadi Ivan Sokolov.

Chess.com Ivan Sokolovning Olimpiadani yakunlab, Toshkentga qaytgach, O‘zbekiston terma jamosi bilan ishlashni davom ettirish masalasini muhokama qilishi xususida yozar ekan, uning qahramonlarcha kutib olinishi va katta ehtimol bilan, jamoada qolishini taxmin qilgan.

2024 yilgi Olimpiada Vengriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadi, unda o‘zbekistonlik yoshlar yanada kuchga to‘lib, musobaqaga butunlayamaldagi chempion sifatida kirishadi. 2026 yilgi Shaxmat Olimpiadasi esa, avvalroq xabar qilinganidek, Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. O‘zbekiston Chennay Olimpiadasi davomida FIDE Kongressida musobaqani o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi.