Tog‘lar bag‘ridagi G‘elon qishlog‘i — Madina Aʼzam obyektivida
Tashqi dunyodan uzilgan, mobil aloqa ishlamaydigan, biroq, aholisining yuzidan doimo tabassum arimaydigan qishloq hayotidan bir kun.
Suratlarni kattalashtirish uchun ustiga bosing.
Qariyb 2000 yillik tarixga ega G‘elon qishlog‘i Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani markazidan 100 km (mavsumga qarab 2-3 soatlik yo‘l) olisda, viqorli tog‘lar bag‘rida joylashgan. Mobil aloqa va sivilizatsiyadan uzilgan qishloq aholisi 5200 kishidan sal ko‘proqni tashkil qiladi.
G‘elon qishlog‘i dengiz sathidan 1800−2000 metr balandlikdagi Hisorak suv omboridan ham yuqoriroqda joylashgan.

G‘elon ahli mehmonlarni hayrat aralash samimiyat bilan kutib oladi. Qishloqqa kirishingiz bilan uyiga chelaklab suv tashiyotgan qizlar, daraxt shoxlaridan kaltak yasab o‘ynayotgan bolalar, dalada o‘tlab, uyga o‘zi qaytayotgan sigir va eshaklar, ko‘chani derazadan kuzatayotgan nuroniylarni ko‘rasiz. Hamma-hammasining ko‘zidan mehrni anglaysiz.
Yoz bo‘lishiga qaramasdan, havo salqin, ayniqsa, o‘pkangizni to‘ldirib bir-ikki nafas olsangiz, yengil tortasiz.
реклама
реклама
Shamollab qolmaslik havotiri bilan kamzul kiyib olgan keksalarning aytishicha, tongda havo anchagina sovuq bo‘ladi. Shundanmi, ularning konditsionerga ham ehtiyoji yo‘q.
Guvaladan qurilgan uylarning tor ko‘chalarida hamma o‘z yumushi bilan band. Xotin-qizlarning ko‘pchiligi kir yuvayotgan bo‘lsa, yana boshqalari qish g‘ami bilan ovora. Qishloq ichida deyarli avtoulov harakatlanmaydi. Erkaklar-u ayollar yaqin mahalla yoki dalaga borishda asosan eshaklardan foydalanishadi. Baʼzi-baʼzida esa mototsikl ham ko‘zga tashlanib qoladi.
Loysuvoq tomlarda esa turli mevalarning oftobda toblanib, quritilayotganini ko‘rasiz.
Qaysi xonadonga qaramang, tomorqasiga tappi va pichanlar yoyilgan.
Mahalliy aholi issiq kunlarni, asosan, izg‘irin kunlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan o‘tkazadi.
Daraxtda «meni uz» deb turgan shirin mevalar va G‘elonning takrorlanmas tabiati shaharning shovqinidan zerikkan har kimni o‘ziga qayta va qayta chorlayveradi.
Ko‘chada kuchuk yetaklab, xo‘roz quvib yurgan bolalarning qiy-chuvi uzoq-uzoqdagi uylargacha eshitiladi.

Kechki ovqat tayyor bo‘lgach, tom ustiga chiqib, ko‘chada o‘ynab yurgan o‘g‘lini chaqirayotgan onalarning ovozini eshitasiz.
Kech tushdi degancha, dalada o‘tlab, uyga o‘zi qaytayotgan sigir va eshaklar ko‘zga tashlanadi. O‘ziga tegishli manzilga kelganda esa jonivorlarning har biri egasining darvozasi yonida to‘xtaydi.
реклама
реклама
G‘elonda qish mavsumida yog‘adigan qalin qor zarar yetkazmasligi uchun uylar baland va mustahkam qilib qurilgan.
Qishloq aholisi asosan chorvachilik va dehqonchilikdan daromad topadi. G‘elonda ikkita maktab, nuroniylar choyxonasi, masjid va bir nechta uy muzeylari bor.
Shaharda yashovchilarning ko‘pchiligi har doim qayergadir shoshadi. Ularga qaysidir bir tashvish yoki muammo hech tinchlik bermaydi. Qishloqda esa buning aksini ko‘rasiz.
Qishloq odamlarining ko‘ziga qarar ekanman, ularda faqat bir narsa - shukronalik va samimiyat tuyg‘ulariga burkangan sokinlikni ko‘raman.
Suratlar va matn muallifi: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Material Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan o‘tkazilgan press-tur davomida tayyorlandi.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Fotohikoya mualliflari o‘zlarining ishlariga havolalarni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuborishlari mumkin. Xatga syujetlar tavsifi, joyi, sanasi, muallifning to‘liq ismi va bog‘lanish uchun telefon raqamlarini kiritishni iltimos qilamiz.


Biz o‘z manbalarimizda ishlarni notijoriy asosda eʼlon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting