Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 18 yoshli qiz o‘zi yashab kelayotgan xonadon hojatxonasida o‘g‘il farzandini dunyoga keltirgan. Shundan so‘ng, uni hojatxonaga tushurib yuborib, o‘limiga sabab bo‘lgani aniqlandi.

JIB G‘ijduvon tuman sudi sudyasi Boborahim Ochilovga tayanib «Daryo» nashrining yozishicha, ayblanuvchi o‘z onasiga voqea qanday bo‘lganini so‘zlab bergan. U 2021 yil 3 sentabr kuni taxminan soat 11:00 lar atrofida yashash uyida yolg‘iz o‘tirganida qarindoshi M.T. kelib, uni zo‘rlab nomusiga tekkanini aytgan. Keyinchalik, ular ishqiy munosabatlarni davom ettirgan, biroq, qiz bu haqida hech kimga aytmagan.

Oradan vaqt o‘tib, qiz homilador bo‘lib qolgach, onasi bilan birga qarindoshi M.T.ga ham xabar bergan. Yigit esa homilani oldirib tashlash kerakligini aytgan. Shifokorlar esa homila olib tashlansa, qizining bundan keyin homilador bo‘la olmasligi mumkinligini tushuntirishgan. Ona va qiz bu haqda oila a’zolari va yaqin qarindoshlariga sezdirmaslikka harakat qilgan.

«Oradan vaqt o‘tib, 2022 yil 13 may kuni qiz butun tanasida og‘riq seza boshlagan. Turli dori vositalari qabul qilgan, ammo og‘riq kuchaygan. Shu kuni soat taxminan 14:30 larda u hojatxonaga kirib, chaqalog‘ini dunyoga keltirgan. Shundan so‘ng, onasini chaqirgan. Bolasi hojatxona chuquriga tushib ketgani sabab, qo‘rqib ketganini aytgan. Ona esa qizini zudlik bilan tuman tug‘ruq majmuasiga olib borgan. Shifokorlar tomonidan unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan», — deyiladi sud hujjatlarida.

2022 yilning 14 may kuni huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda hojatxona chuqurligidan o‘g‘il bola jinsli chaqaloq jasadi topilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, chaqaloqning o‘limi yuqori nafas yo‘llariga yot massa (najas) tushishi va nafas yo‘llari bekilishi oqibatida aspiratsiya natijasida sodir bo‘lgan. Holat joyida bayonnoma to‘ldirilib, fotosuratlar ilova qilingan.

Sud chaqalog‘ini qasddan o‘ldirgan onaning qilgan ishidan pushaymonligi, yoshligini inobatga olib, unga bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.