«Toshkent» xalqaro aeroporti Germaniyaning Wanzl kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 1000 ta yangi yuk aravalarini qabul qilib oldi. Uchib ketish va uchib kelish zallariga kerakli miqdorda yuk aravalari yetkazildi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

«Bir oy oldin Toshkent aeroportida yuk aravalari bilan bog‘liq qiyin vaziyat yuzaga kelgan edi. Abadiya Trade xususiy korxonasi oldindan ogohlantirmasdan va shartnoma shartlarini buzgan holda ushbu xizmatni ko‘rsatishdan bosh tortgan va barcha yuk aravalarini olib ketgan edi. Uzbekistan Airports boshqaruv kompaniyasi mintaqaviy aeroportlardan bir qancha yuk aravalarini Toshkentga olib kelishga, shuningdek, qisqa vaqt ichida mahalliy ishlab chiqaruvchidan aravalar partiyasiga buyurtma berishga majbur bo‘lgandi», — deyiladi xabarda.

Ayni paytda aeroport o‘z bagaj aravalari bilan to‘liq ta’minlangan. Yaqin kunlarda barcha hududiy aeroportlarga yangi xizmat ko‘rsatish aravalari ham keltiriladi.