Konya (Turkiya) shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari turli sport yo‘nalishlarida yana 22 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Og‘ir atletika

109 kgdan yuqori vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev Konya — 2021 musobaqasining mutlaq chempioni bo‘ldi. U dast ko‘tarishda 200 kg, siltab ko‘tarishda 246 kg, ikki kurashda esa 446 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi. Shu tariqa, Jo‘rayev O‘zbekiston delegatsiyasiga 3 ta oltin medalni keltirdi.

Og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya chempioni Ruslan Nurudinov (-109 kg) dast ko‘tarishda birinchi urinishda Islom birdamligi o‘yinlari rekordini (177 kg) o‘rnatdi, keyinroq 187 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi. Siltab ko‘tarishda esa u 230 kg, ikki kurashda 417 kg toshni ko‘tardi. Shu tariqa, u ham 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Paralimpiyachilar

Stol tennisi bo‘yicha juftlik bahslarda qatnashgan Rasul Otamurodov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Uning bu dasturdagi sherigi Pokiston vakili edi.

O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi o‘yinlarda jami 8 ta — 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Qilichbozlik

Qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha Zaynab Dayibekova, Paola Pliyego, Aysulu Usnatdinova, Sevinch Ismoilova kabi sportchilardan iborat O‘zbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda Turkiya vakillarini 45:31 hisobida mag‘lub etdi. Hal qiluvchi bahsda ozarbayjonlik raqiblariga 34:45 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasida qilichbozlikning rapira yo‘nalishida O‘zbekiston vakilasi Umida Ilyosova yarim finalda turkiyalik raqibiga yutqazib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Fayzulla Alimov va Nodirbek Mo‘minov terma jamoa hisobiga yana ikkita bronza medal keltirdi. Alimov yarim finalda ozarbayjonlik Ruslan Xasanovga 11:12, Mo‘minov qirg‘izistonlik sportchi Roman Petrovga 10:15 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Suzish

O‘zbekistonlik suzuvchilar (Aleksey Tarasenko, Olimjon Odilov, Egor Petryakov, Xurshijon Tursunov) erkaklar o‘rtasida 4×200 metrga erkin usulda estafeta bahslarining so‘nggi bahslarida turkiyalik suzuvchilarga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi.

50 metrga erkin usulda suzish bahslarida Xurshijon Tursunov 22,51 soniya natija bilan ikkinchi, Aleksey Tarasenko belgilangan masofani 22,72 soniyada bosib o‘tib, uchinchi o‘rinni egalladi. Tursunovning natijasi O‘zbekistonning yangi rekordi sifatida qayd etildi.

Bir kun avval 400 metrga erkin usulda suzishda uchinchi o‘rinni egallagan suzuvchi Yegor Petryakov bugun ana shu masofaga kompleks usulda suzishda bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Dzyudo

Dzyudochilardan Shahram Ahadov (-73 kg) va Sardor Nurillayev (-66 kg) oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ahadov finalda ozarbayjonlik Narimon Mirzayevni, Nurillayev Marokash vakili Abdurahmon Boushitni mag‘lub etdi.

Shuningdek, dzyudochilardan Nilufar Ermagambetova (-57 kg) va Diyora Keldiyorova (-52 kg) oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Kemran Nurillayev (-60 kg) ozarbayjonlik sportchiga imkoniyatni boy berib, terma jamoa hisobiga kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.

Dzyudochi Sevinch Isoqova (-63 kg) va Sita Qadamboyeva (-52 kg) terma jamoa hisobiga bronza medalini keltirdi.