16 avgustda Bern shahrida (Shveysariya) «O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida»gi bitim imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Fevralda kelishuv boshlab yuborilgan bitimni O‘zbekiston nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Shveysariya nomidan prezident Inyatsio Kassis imzoladi. Marosimda, shuningdek BMT vakillari, xususan BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi ofisi ijrochi koordinatori J. Topping ishtirok etdi.

Bitimning imzolanishi ilgari G. Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveysariyada legallashtirilgan 131 mlnAQSh dollarining Shveysariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi.

Bitim noqonuniy orttirilgan taqriban 131 mln AQSh dollariga (taqriban 1,4 trln so‘m) teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:

  • ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
  • ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
  • qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
  • O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.

O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida e’tibor beriladi.

Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi «Uzbekistan Vision 2030» ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Jamg‘arma tegishli funksiya va vakolatlarga ega bo‘lgan quyidagi ma’muriy-tashkiliy tuzilmaga ega:

  • Yuqori darajadagi strategik qo‘mita (O‘zbekiston va Shveysariyadan bir nafardan yuqori martabali vakil) — jamg‘arma faoliyati bo‘yicha strategik qarorlar qabul qiladi.
  • Boshqaruv qo‘mitasi (O‘zbekiston, Shveysariya va BMTdan bir nafardan vakil) — jamg‘armaning operatsion faoliyati, shu jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bo‘yicha to‘liq konsensus asosida qarorlar qabul qiladi.

Bundan tashqari, tashkiliy tuzilma tarkibiga jamg‘arma faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida va ish haqisiz amalga oshiradigan O‘zbekiston va Shveysariya fuqarolik jamiyati vakillaridan hamda xalqaro nohukumat tashkilotlaridan iborat Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi ham kiradi.

Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan loyihalar BMTning O‘zbekistondagi tegishli idoralari tomonidan O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

Bunday tizim korrupsiya va boshqa xavflarni minimallashtiradi, shuningdek mablag‘larni sarflashda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlaydi.

Ushbu bitimning imzolanishi O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim qadamdir.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 18 martda Toshkent shahar sudi hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan edi.

2019 yil mart oyida AQSh Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita»ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 mln dollardan ko‘proq pulni «yuvgan"likda ayblagan edi. 24 iyunda esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova ishi bo‘yicha muzlatilgan 130 mln shveysar kronasi [$133,7 mln] miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgan edi.

2020 yilning may oyiga kelib, Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan. sentabrga kelib, Shveysariya hukumati musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. O‘shanda Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» ijtimoiy tarmoqlarda Karimovaning sog‘ligi og‘irlashganiga oid tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘langan edi. «Uning ahvoli yaxshi, COVID-19`ga chalinmagan, o‘pka pnevmoniyasi ham yo‘q», — deyilgandi xabarda.

Qolaversa, 2022 yilning 30 iyunida Kanadaning The Globe and Mail nashri Gulnora Karimovaga tegishli ekani taxmin qilinayotgan hashamatli ko‘chmas mulk u qamoqdalik vaqtida 68,4 mln dollarga qayta sotilgan bo‘lishi mumkin, deya xabar bergandi.

2022 yilning 23 iyuliga kelib, Shveysariya apellyatsiya sudi Gulnora Karimovaga qo‘yilgan pora olish bo‘yicha ayblov yuzasidan uning advokatlari kiritgan shikoyatni qisman qanoatlantirdi. Mazkur sud qarori unga muzlatib qo‘yilgan 303 mln dollar mablag‘ni qaytarib olishga yordam berishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg Law.