15 avgust kuni Jizzax viloyatidagi «Forish» poligonida «ArMI-2022» VIII Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan «Dala oshxonasi» va «Qurolsoz usta» musobaqalari boshlandi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Ochilish marosimida O‘zbekiston va unda qatnashuvchi davlatlar Mudofaa vazirligi mas’ul xodimlari, senatorlar, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Joriy yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari «ArMI-2022» o‘yinlarining 21 ta yo‘nalishida ishtirok etadi. 37 yo‘nalishni qamrab olgan musobaqalarda dunyoning 37 davlatidan jami 257 jamoa qatnashmoqda. O‘yinlar Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan.

2021 yilda o‘yinlarda 42 davlatdan 277 jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, O‘zbekiston harbiylari 24 yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagandi.