So‘nggi yillarda o‘zbekistonliklar o‘zlari uchun sayohat qilish mumkin bo‘lgan qulay va arzon mamlakatlar sifatida asosan uch mamlakat — Gruziya, Turkiya hamda Ozarbayjonni tanlashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ayni shu uch mamlakatga sayohat qilgan va borishni rejalashtirayotgan insonlarni ko‘p uchratish mumkin.

«Gazeta.uz» oxirgi yillarda o‘zbekistonliklar orasida Gruziyaga qiziqish nega ortib borayotgani bilan qiziqdi va ushbu mamlakatga sayohat qilgan insonlarning fikrlarini so‘radi (2-qism).

«Gruziyadagi e’tiborga molik tarixiy joylar O‘zbekistondagidan ancha kam»

Kompyuter grafikasi mutaxassisi, YouTube`dagi «Ular» loyihasi muallifi Lazizbek Hamidov oxirgi to‘rt yildan buyon Gruziyaga sayohat qiladi. U «Gazeta.uz» bilan suhbatda mazkur mamlakatning ijobiy tomonlari, siyosiy islohotlari, O‘zbekiston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar hamda aviakompaniya monopoliyasi haqida gapirdi.

So‘nggi yillarda Gruziyaga sayohat qilish uchun o‘zbekistonliklarning qiziqishi ortayotganining sabablaridan biri, avvalo, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti ichida ushbu mamlakatga sayohat qilish juda ham keng targ‘ib qilinayotganida. Ya’ni, Gruziyaga borib kelgan insonlar ushbu mamlakat haqida iliq gaplarni aytishadi. Dubayga borganlarning ko‘pchiligi esa «Dubay issiq ekan, boshqa bormayman», «qimmat ekan» deyishadi. Gruziyaga borgan odamlarning deyarli hech qaysisi bu kabi fikrlarni yozmaydi. Aksincha, yaxshi taassurotlar bilan kelishadi.

Foto: Lazizbek Hamidovning shaxsiy arxividan.

Ikkinchidan, Gruziya juda ham arzon. Batumi yoki Tibilisiga borsangiz deyarli yevropacha tizimni ko‘rishingiz mumkin. Buning muqobilini o‘sha pulga boshqa joydan topa olmaysiz. Masalan, Dubayga uchish bileti Gruziyaniki bilan bir xil bo‘lishi mumkin, lekin Dubayda siz o‘zingizga ko‘p narsani ravo ko‘ra olmaysiz. Pulingizning har bir tiyinini hisoblashingizga to‘g‘ri keladi.

Gruziyadagi narxlar O‘zbekistondan ko‘p ham farq qilmaydi. Misol uchun, deylik, siz Buxorodan Toshkentga 1 haftaga dam olgani kelsangiz mehmonxonaga joylashasiz, biror-bir kafega kirib kofe ichasiz, ovqat yeysiz, shunday qilib 1 hafta davomida shu tarzda yashadingiz. Aytaylik, shu muddat ichida 300 dollar yoki 250 dollar pul ishlatdingiz. Xuddi shu pulga Gruziyada ham 1 hafta yashash mumkin, farqi shuki, siz sayohatga chiqqan bo‘lasiz.

Gruziyadagi islohotlarni biz yaxshi bilamiz. Gruziya sobiq Ittifoq davlatlari orasidan chiqqan va juda ham qoloq, korrupsiyaga botgan mamlakat bo‘lgan. Eng ahamiyatlisi, buning barchasidan qutula olgan. To‘g‘ri, ma’lum yuqori davralarda korrupsiya hali ham bor. Lekin maishiy korrupsiya yo‘q. O‘zingizga «qanday qilib sobiq Ittifoqdan chiqqan davlat korrupsiyani yengib, yaxshi va zamonaviy, juda ham jozibador, o‘zining xalqiga nisbatan bir necha barobar ko‘p sayyohlarni jalb qila oladigan davlatga aylandi?», deb savol bergingiz keladi. Oxirgi 4 yil davomida Gruziyaga boryapman. Gruziyadagi e’tiborga molik tarixiy joylar O‘zbekistondagidan ancha kam, deylik, o‘ttizdan bir qismini tashkil qilishi mumkin.

Foto: Lazizbek Hamidovning shaxsiy arxividan.

O‘zbekiston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar shu darajada kamki, yig‘lagulik holatda. Hatto Chernogoriyaga ham viza olish kerak. Vaholanki, qozog‘istonliklarga Chernogoriyaga borish uchun viza kerak emas. Ular bilan nima farqimiz bor? Biz O‘zbekiston, u Qozog‘iston. Ikkalamiz ham -iston -iston. Ikkalamiz ham sobiq Ittifoqdan chiqqanmiz. Ular vizasiz kira oladi, biz kira olmaymiz. O‘zbekiston fuqarolari vizasiz kirish mumkin bo‘lgan mamlakatlar orasida Gruziyaning yutib chiqish ehtimoli esa yuqoriroq, menimcha.

Gruziyada 3,5 mln aholi bor. Bir yilda 6−7 mln turist boradi, bu o‘zining xalqidan ikki baravar ko‘p degani. Bizga qancha turist keladi? 1 yoki 2 mlnmi? 2 mln turist keladi deganda ham bu — aholimizdan 15 baravar kam degani. Mamlakatda tungi hayotning yo‘qligi faqat qari turistlarni jalb qiladi, xolos. Ularga bu narsa kerak emas. Shuning uchun ham bizda yoshroq turistlar nisbatan kamroq, deb o‘ylayman. Toshkent, Buxoro yoki Samarqandni jozibador qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, odamni o‘ldirib qo‘ymaydigan hamma narsa bo‘lishi kerak. Jinoyatga tortilmaydigan barcha narsaga ruxsat berilishi lozim. Men bunda odamlarning sog‘ligiga yomon ta’sir qiladigan narsa haqida gapirmayapman. Xalqaro bozorda normal qabul qilinadigan narsalarning hammasi bizda bo‘lishi kerak.

Foto: Lazizbek Hamidovning shaxsiy arxividan.

Gruziyada yoshlar juda ham erkin. Biz Tibilisiga borganimizda mehmonxonadan pastga tushsak kichkina joylarga tungi klublar tashkil qilib qo‘yishgan. U yerga kirib yoshlar kechasi soat 3−4 gacha gaplashib o‘tiradi. Albatta, bu ularning mentalitetiga ham mos, deb o‘ylayman.

O‘zbeklar juda ham mehnatkash xalq. Amerikaga borsa ham tinmasdan ishlaydi. Gruzinlar ko‘p ham mehnat qilmaydi, ular ish vaqtidan bo‘shadimi, klubga kirib ichimligini ichib, gaplashib o‘tiradi. Shuning uchun ham yoshlarning qarashlari boshqacharoq. Biz dabdabani yaxshi ko‘ramiz. Ularda esa dabdaba yo‘q. O‘zi, umuman, dabdaba faqat Markaziy Osiyo xalqlarida bormikin, deb o‘ylab qolaman.

2018 yili Gruziyaga birinchi marta borganimda, samolyotdan tushib, erkinlikni his qilgandim. Men odamlarni kuzatishni yaxshi ko‘raman. Hech e’tibor berganmisiz, Toshkentda, viloyatlarda hamma insonlar asab, agressiya bilan yuradi. Yo‘lakdan ketayotgan odamlarga qarasangiz, qanaqadir dard bilan ketayotgan bo‘ladi. Eng qizig‘i, yoshlarda ham shunday. Gruziyada bunday narsa yo‘q. Toshkentda oylik daromadi 5 mln so‘m bo‘lgan yoshroq inson Tbilisida 3 mln so‘m topadigan insonga qaraganda baxtsizroq. Chunki bizni doimiy yetishmovchilik, turli o‘y-xayol ezadi. Ularga bu narsa umuman kerak emas. Ular hayotdan zavq olib yashashni xohlaydi.


Foto: Lazizbek Hamidovning shaxsiy arxividan.

Dengizni ko‘rishni istash ehtimoli bizda ham ancha oshyapti. Odamlar o‘zlariga Turkiya yoki Gruziyaga borishni ravo ko‘rishmoqda. Lekin davlat nimadir qilib bermayapti. «Agar O‘zbekiston havo yo‘llari monopoliyasi tugatilsa va O‘zbekistondan Tbilisi yoki Batumiga uchish 4 dollar bo‘lsa, tasavvur qiling, 15 dollar evaziga dengiz ko‘radiganlar salmog‘i anchagina oshadi», deb ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p tortishishadi. Hamma aeroportlarimiz 4 yil oldingiga nisbatan ancha yaxshi, o‘zgarish bo‘lgan, lekin bu kam. Agar aviaqatnovlar monopoliyasi tugatilsa, 5 yildan so‘ng dengiz ko‘rgan o‘zbekistonliklar soni 5 baravarga oshadi.

«Qurbon hayiti kuni biz yashagan xonadon egasi o‘zining asal uyalarini kesib, bizga hayitlik qilib berdi»

Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova 2022 yili Gruziyaga sayohat qildi. U «Gazeta.uz»ga 7 kun ichida Gruziyaning 7 shahrida bo‘lgani, sayohat davomidagi qiziqarli voqealar va ushbu mamlakatning o‘ziga xos tabiati haqida so‘zlab berdi.

So‘nggi yillarda, ayniqsa, pandemiyadan keyin Gruziyaga sayohat, turizm bizda juda ham faol targ‘ib qilindi, bu mamlakatni sayyohlik uchun yaxshi manzil sifatida o‘zimizga kashf qildik. Undan avvalroq ham Gruziyada sayyohlik tizimi bor edi. Ijtimoiy tarmoqlar ommalashgani sari, Gruziya ularda o‘zini yaxshi PR qildi. Ya’ni, vizasiz borish imkoniyati, umumiy o‘tmishga egalik, til to‘siqlarining yo‘qligi (aholi rus tilida gaplasha olishi) ancha yaxshi targ‘ib qilindi.

Shuningdek, ushbu mamlakatga borib kelgan odamlarning taassurotlari ham yaxshi bo‘ldi. Chunki Gruziya xalqi ko‘p jihatdan o‘zimizga o‘xshagan xalq. Ularning mehmondo‘stligi, mehribonligi, odamgarchiligi bizga yaqin juda ham. Mana shu omillar ham Gruziyaning bizga tezda yaqinlashib, juda tanish, qadrdon sayyohlik manziliga aylanishiga sabab bo‘ldi.


Foto: Shahnoza Soatovaning shaxsiy arxividan.

Sayohat uchun Gruziyani tanlashda men, avvalo, narxga qaradim. Qizim bilan borishim va ikki kishiga to‘lashim kerak edi, shuning uchun eng muhim omillardan biri narx bo‘ldi. Ikkinchisi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Batumiga reys borligi, dengizga borib tushishimiz ham muhim bo‘ldi, albatta. Boshqa tarafdan, to‘g‘risi, bundan 5−6 yillar avval Facebook`da Gruziyaning chiroyli manzaralari aks etgan videolarini ko‘rgan edim. O‘shanda Gruziyaga boraman, deb niyat qilgan edim. Undan keyin ham bir-ikki shu mavzuni oila davrasida eslaganmiz, muhokama qilganmiz. Shularning ham ta’siri bo‘lsa kerak.

Gruziya iqtisodi turizmdan ko‘p narsa oladi. Masalan, bizga o‘xshab ularning nefti, gazi yo‘q. Balki shu sababdan turizmga juda faol e’tibor berib, o‘zini turizm mamlakati sifatida taqdim qilishga harakat qilgandir.

Bundan tashqari, Gruziya juda ham betakror, o‘ziga xos mamlakat. O‘zining an’analariga sodiq qolgan, ko‘rsatishga arziydigan narsalari ko‘p, rang-barang davlat. Tabiati juda chiroyli, suvi ko‘p. Ayniqsa, bizdek dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydigan, suv taqchil mamlakatdan borgan odamlar uchun Gruziya boshqacha chiroyli ko‘rinadi. Yoz issiq, jazirama, lekin hamma tog‘lari yam-yashil daraxt bilan qoplangan. Men bir vaqtda buncha ko‘p yashillikni umrimda ko‘rmaganman. Suvlari, daryolari ko‘p, qishloq xo‘jaligi ham har xil. Asosan uzum va yong‘oq yetishtirishsa-da, boshqa mahsulotlar ham ko‘p. Masalan, chorvachilik, juda yaxshi rivojlangan, ya’ni ko‘ptarmoqli qishloq xo‘jaligi hisoblanadi. Mahsulotlari juda ham rang-barang.


Foto: Shahnoza Soatovaning shaxsiy arxividan.

Gruzin oshxonasini alohida ta’kidlash kerak. Juda noyob taomlar va ta’mlarni his qilishni istasangiz, Gruziyaga boring, degan bo‘lar edim. Albatta, O‘zbekistondan borgan, o‘zbek oshxonasida katta bo‘lgan odamni taomlar bilan lol qoldirish juda qiyin. Men Yevropa davlatlarida ham bo‘lganman, u yerlarda taomlanish masalasida qiynalganmiz. Hatto Kanadada turib ham tanishlarimiz «eng qiynaladiganimiz taomlar», deb aytishadi. O‘zbek milliy taomlari juda ham ta’mlarga boy va rang-barang. Shuning uchun bizning oshxonamiz bilan bahslashadigan oshxonani topish qiyin. Gruziyada ham shunday rang-baranglik va ta’mlarga boylikni ko‘rdim.

Biz G‘arbiy Gruziyadan — Ajariyadan boshlab to Sharqiy Gruziya — Kahetiyagacha bordik. 7 kunda 7 ta shaharni ko‘rdik. Har kechada turli xil joyda tunadik. Keyingi kunimiz qayerda o‘tishi-yu, navbatdagi tunda qayerda tunashimizni bilmasdik. Juda ham ekstremal, o‘ziga xos sayohat bo‘ldi. Sayohatimizing urg‘usi taomlar, ya’ni «gastro-tur» edi. Shu jihatdan, albatta, Gruziyada maqtansa arziydigan sifatlar ko‘p ekan.

Bundan tashqari, Gruziya san’ati, arxitekturasi, haykaltaroshligi meni juda lol qoldirdi. U yerdagi haykallar bilan o‘zimiznikini solishtirdim. Masalan, biz Kutaisi shahridan o‘tib ketdik, mashinadan tushmadik. Lekin shuning o‘zidayoq bir qancha o‘ziga xos haykaltaroshlik namunalarini ko‘rdik. Kutaisi, ma’lumki, Gruziya san’atining poytaxti. Yoki bo‘lmasa o‘sha Batumida Medeyaga qo‘yilgan haykal — bor-yo‘g‘i afsonaga qo‘yilgan haykal, lekin san’at asari! Bizdagi haykallar esa qanaqadir harakatsiz, jonsizdek tuyuladi. Men faqat Navoiy shahridagi «Farhod» haykalini yoki Toshkentda 1966 yilgi zilzilaga qo‘yilgan «Jasorat» monumentini alohida ajratib ko‘rsata olaman.

Foto: Shahnoza Soatovaning shaxsiy arxividan.

Gruziyaning tungi hayoti. Birgina Tbilisida o‘tgan tunim haqida aytishim mumkin. Masalan, biz Tbilisida tungi sayrga chiqdik. Chunki kunduzi juda ham issiq edi. Hamma do‘konlar ishlayapti, soat 00:00. Biz bemalol muzqaymoq olib yedik, do‘konlarga kirdik. Shota Rustaveli prospektigacha chiqdik, katta — Ozodlik maydoni bor. Bizdagi Amir Temur xiyoboniga o‘xshab, yo‘l nurdek har tarafga burilib ketgan. Qaysi ko‘chaga kirishni bilmay, yo‘l so‘ramoqchi bo‘lib turganimizda bir haydovchi kelib avval ingliz tilida murojaat qildi, keyin O‘zbekistondan ekanligimizni bilib o‘zbek tilida gapirdi, muloqot qildik. Oddiygina haydovchi, lekin o‘sha yerda 5 daqiqaning ichida bizga o‘z xizmatini taklif qilib, shunga ko‘ndirdi. «Shu Tbilisini aylantirib chiqaman, tungi Tbilisini ko‘rasizlar, o‘zim suratlarga olib qo‘yaman, eng zo‘r joylarini ko‘rsataman», dedi, xullas qiziqtirdi, mashinasiga o‘tirdik. Rostdan ham 2 soat davomida bizni shaharda aylantirdi.

Tbilisi tog‘li joy, ayniqsa, eski shahar balandlikda joylashgan. Uning atrofini halqa bo‘ylab aylanib chiqsangiz, balandlikdan turib, pastdagi shaharni ko‘rasiz, juda ham chiroyli manzara bo‘ladi. Masalan, Tbilisidagi shishali ko‘prik juda mashhur, «Ona Gruziya» haykali yoki bo‘lmasa eski shahar, har bitta narsadan afsona yaratishga usta xalq. Haydovchi «Kavkaz asirasi» filmi mana shu yo‘lda suratga olingan deb yo‘l-yo‘lakay gapirib ketdi. U ham gid, ham fotograf. Soat 3:00 gacha shahar aylandik — hayot qaynayapti, hamma bemalol yuribdi. Hamrohlar, gid, hammasi bizga shaharda bemalol yurish mumkinligini, umuman, hech narsa xavf solmasligi, xavfsizlik ta’minlanganini aytishdi. Yakshanbadan tashqari boshqa kunlari pul almashtirish shoxobchalari ishlab turibdi. Yakshanba kuni, albatta, pul almashtirishga biroz qiynaldik. Chunki banklarida 100 dollarga ham pasport so‘rar ekan va ancha uzoq vaqtda — hatto 100 dollarni ham 10−15 daqiqada almashtirasiz. Ko‘chada xususiy sarrof (pul almashtiruvchi)lar bor, bemalol borib, ularning do‘konlarida almashtirishingiz mumkin. Shaharda odamlar, ko‘ngilochar muassasalar ko‘p. Bemalol istalgan joyingizga borib ovqatlanishingiz ham mumkin. Soat 2:00 dan keyin hammasi kamayishni boshlaydi.

Foto: Madina Nurman.

Bu yil O‘zbekistonni ham kezdim, Buxoroga «Ipak festivali»ga bordim. Festival juda kech boshlanib, kech tugadi. Biz soat 1:00 gacha ishlaydigan bir joyni topib ovqatlandik. Shundan keyin u ham yopildi. Gruziya aholisi 4 mln atrofida, bizda 35 mlndan oshiq, Toshkentning o‘zida 4 mln aholi yashaydi. Balki shu rol o‘ynar, yana bilmadim nima. Gruziyaga nisbatan bizda huquq-tartibot organlari tartibni ta’minlashi oson emas, deb o‘ylayman. Lekin boshqa tarafdan qilsa bo‘ladi. Shaharda, masalan, turistik shaharlarimizda tungi hayotni ham ta’minlash, tonggacha ishlaydigan muassasalar, tartibi, qonuniylikni ta’minlagan holda ishlashiga qo‘yib berish kerak, menimcha. Ayniqsa, bizda yozda iqlim juda ham issiqligi, kunduz kuni yurib bo‘lmasligi, Gruziyadagidek suvlarimiz ham, yashilligimiz ham ko‘p emasligini inobatga olsak, bu kerak. Bizda yoz ham uzoq davom etishi, ham tunda shaharlarning boshqacha bir joziba bilan ko‘rinishini hisobga olgan holda, tungi hayotni ta’minlash kerak deb o‘ylayman.

Men muammoni bizdagi mentalitetdan ko‘ra ko‘proq ishni tashkil qilishda, deb o‘ylayman. Masalan, Tbilisida restoranga kirdik, bizni taklif qilishdi. U restoranda har kuni bir vaqtda gruzin milliy qo‘shiqlari va raqslari ijro etilar ekan. Juda ham chiroyli sahna, jonli musiqa, erkaklardan tarkib topgan gruzin xori va chiroyli raqslar… Bizning chiroyli va milliy, qolaversa, har bir hududning o‘ziga xos bo‘lgan raqslarimiz bor, shular har kuni restoranlarimizda ijro etilsa, albatta, turistlarni qiziqtiradi. Kelin salom, beshik to‘yi kabi tadbirlarimizni o‘sha yerda kichkina sahna qilib ko‘rsatish mumkin.

Foto: Shahnoza Soatovaning shaxsiy arxividan.

Gruziyada kelgan odamni turist, ularga moddiy farovonlik olib kelgan shaxs sifatida ko‘rishyapti. U yerda pul topish uchun har xil libosdagi, har xil ko‘rinishdagi odamlarga toqat qilishyapti. Albatta, turist — bu kelib istaganini qilishi mumkin degani emas, biz ham mamlakatning qonunlari, an’analarini hurmat qilish kerakligi haqida ogohlantiramiz. Xuddi shunday ogohlantirishlar bilan qanaqadir bir o‘rta yo‘lni topib kelishsa bo‘ladi. Turistlar bizga pul olib kelishyapti, agar ular qonunni buzmayotgan, yomon narsani targ‘ib qilmayotgan bo‘lsa, ularga, albatta, mehmondo‘stlik ko‘rsatish kerak.

Biz dastlab Batumiga bordik. Avvalo samolyot illuminatoridan juda ham chiroyli moviy dengiz ko‘rinadi. Umrimda ko‘rmagan manzarani ko‘rdim. Albatta, birinchi to‘lqin, birinchi pozitivni his qildim. Mana shu dengizning o‘zi kayfiyatni ko‘tarib yubordi. Qanaqadir kinoning ichiga tushgandek bo‘lasiz. Bizdek dengiz ko‘rmagan xalq uchun bu birdaniga ko‘tarinkilik beradi. Bizni Batumi ko‘chalaridan olib yurishdi. Odamlarni ko‘ryapman, hammasi o‘zimizga o‘xshagan, ko‘chada avtobus kutib turishibdi, onaxonlar qo‘llarida mevalar solingan savatchalar ushlab olishgan. Avtobus bekatlari ham o‘zimiznikiga o‘xshaydi, ko‘chalari torligi, toshdan yotqizilgani esa biznikiga o‘xshamaydi, bu ko‘chada mashinalar oqimini kamaytirgan. Lekin ayrim ko‘chalarda yurganimizda o‘zimni Chilonzorda yurganday his qildik, umumiy taraflari ko‘p edi. Biz turgan mehmonxona shunday chorrahada joylashgan, menga burchakdagi xonani berishdi. Balkondan bir tomonga qarasak g‘irt o‘zimizning Chilonzor, boshqa tomonga qarasak Las Vegasga o‘xshaydi.

Hech qachon chamodanlarimizni o‘zimiz ko‘tarmadik. Nechanchi qavatga bo‘lsa ham ko‘tarib, olib chiqib berishadi. Biz Tbilisidan Batumiga tezyurar poyezdda keladigan bo‘ldik, poyezd 5 soatdan oshiq yurishi kerak. Biz buni o‘zimizning Afrosiyobga o‘xshasa kerak, deb o‘ylaganmiz. Ularning poyezdida ovqat berilmas ekan, u juda sekin yurardi. Unda hatto suv ham berilmas, yo‘lga har kim o‘zi bilan nimadirlar olishi kerak ekan. Haydovchimiz Kaxaber bilan qadrdon bo‘lib ketdik — ketishimizda o‘zini yonidan non olib, bizga berib yubordi, pulini bersak olmadi. Endi oxirgi kun, bizda larilar (Gruziya pul birligi) qolmagan, shuni sezib, o‘zimiz tanga-chaqalarni yig‘ib bersak olmadi.

Foto: Shahnoza Soatovaning shaxsiy arxividan.

Qurbon hayiti kuni biz Megreliyadagi bir xonadonda tunadik. Ertalab xonadon egasi «bugun sizlarda hayit ekan», deb o‘zining asal uyalarini kesib, hayitlik qilib berdi. Ketayotganimizda xonadonning bekasi Maya opa hatto ko‘zda yosh oldi — bir kechada juda qadrdon bo‘lib ketganmiz, jiyani Buxoroda, singlisi Toshkentda o‘qigan ekan. Bularning hammasi gruzinlarning bag‘rikengligi, katta yuragi, hissiyotlarga boyligi va ularni bemalol izhor qilishi, tuyg‘ularining samimiyligini ko‘rsatadi. Bu bizni juda ham ta’sirlantirdi, to‘lqinlantirdi.

5 yildan so‘ng, albatta, dengizni ko‘rgan fuqarolar ko‘payadi, lekin baribir dengizni ko‘rmaganlar juda ham ko‘p bo‘ladi. Hozirgi aviachiptalarimiz narxlari bizda dengizni ko‘rmagan fuqarolar ko‘pchilikni tashkil etishini taqozo etadi.

«Hozirgi Gruziya bir nechta MDH davlatlaridan juda farq qiladi, hattoki ayrimlaridan yuqori o‘rinda turadi»

UI va UX bo‘yicha dizayner Jamshid Xoliqulov 2019 va 2021 yillarda Gruziyaga sayohat qilgan. U «Gazeta.uz» bilan suhbatlashar ekan, mazkur mamlakatdagi siyosiy islohotlar, shaharlaridagi tungi hayot va turizmning rivoji haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Gruziya so‘nggi yillarda turizm bo‘yicha o‘zining pozitsiyasini kengroq rivojlantirishni boshladi. Shuningdek, Gruziya Markaziy Osiyo davlatlariga potensial turizm oqimi sifatida ko‘proq e’tibor qaratishni boshladi. Avvallari, Rossiya, Ukraina, Turkiya, balki boshqa davlatlarning turizm oqimi keladi, deb hisoblagan bo‘lsa, 2018, 2019, 2020 yillar ichida O‘zbekiston, Qozog‘iston, balki Tojikiston, Turkmaniston kabi Markaziy Osiyo davlatlarini potensial turizm oqimi sifatida ko‘rdi. Ular bilan munosabatini yaxshilashga harakat qildi. Gruziya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi reyslar oldin kam bo‘lgan, hozir esa ko‘paydi. Haftasiga ikkita reys juda yaxshi, lekin O‘zbekiston uchun bu kam. Ko‘proq qilsa ham bo‘ladi. Chunki O‘zbekistonda sayohat qilmoqchi bo‘lgan, Gruziyani ko‘rishni xohlaydiganlar juda ko‘p va yildan-yilga oshib bormoqda. Bundan ko‘rinadiki, davlatlarimiz orasida aloqalar paydo bo‘lishni boshladi.


Foto: Jamshid Xoliqulovning shaxsiy arxividan.

Men Gruziyaga ikki marta 2019 yili pandemiyadan oldin va 2021 yili pandemiyadan keyin borganman. Gruziyaga bo‘lgan ilk tashrifimdan oldin xayolimda ikkita tasavvur bo‘lgan: birinchisi — Qora dengizni, ikkinchisi — Gruziyaning Batumi shahrini ko‘rish. Bular mening asosiy motivim bo‘lgan. Gruziya deganda shularni ko‘z oldimga keltirganman. Bundan tashqari, Tbilisi, Borjomi kabi diqqatga sazovor joylar ham bor, lekin Gruziya deganda birinchi xayolimga kelgan va borishga undagan narsa Qora dengiz va Batumini ko‘rish tuyg‘usi bo‘lgan.

Men o‘tgan yili Saakashvili va u yashagan davr haqida yozilgan Larisa Burakovaning «Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?» nomli kitobini sotib oldim va Gruziyaga uchib ketdim. U yerda yurgan vaqtimda kitobni o‘qib chiqdim. Mening fikrimcha, Gruziya mustaqillik davridan keyin, ya’ni SSSR parchalangach yomon holatga kelib qolgan. Buni ko‘rgan yosh va ilg‘or gruzinlar ona Vatanini o‘zgartirishga, mamlakat ahvolini yaxshilashga qattiq bel bog‘lashgan. Bunda Saakashvili asosiy rolni o‘ynagan. Saakashvili haqiqatdan ham juda katta islohotni amalga oshirgan. Ular hatto hozir ham gruzinlarning hayotida yaqqol ko‘rinadi. Gruziyada 2004 yildan 2008 yilgacha Saakashvili amalga oshirgan islohot oradan 15−16 yil o‘tsa ham insonlar hayotidan o‘chgani yo‘q, hali hamon davom etib kelmoqda.


Foto: Jamshid Xoliqulovning shaxsiy arxividan.

Sayyohlar doim arzon va yaxshi dam olsa bo‘ladigan joyni qidirishadi. Gruziya sayyohlarning talabiga to‘laqonli javob bera oladi. Chunki Gruziyada narxlar O‘zbekistondagidan ham arzon. Menimcha, o‘zbekistonliklar boshqa davlatlarga emas, ko‘proq Gruziyaga sayohat qilayotganligining asosiy sabablaridan biri ham shu. Ikkinchidan, Gruziyaning tabiati yuqori darajada.

Bundan tashqari, SSSR davrida ham ko‘plab Markaziy Osiyoliklar, o‘zbeklar Gruziyaga borib, dam olib kelishgan. Bu davlatning sayohat qilishga arzigulik Batumi, Borjomi hamda ko‘plab kurort shaharlari bor. Bundan ko‘rinadiki, odamlar Gruziya haqida o‘sha davrlarda ham tasavvurga ega bo‘lishgan. Shuni aytish mumkinki, hozirgi Gruziya bir nechta MDH davlatlaridan juda farq qiladi, hattoki ayrimlaridan yuqori o‘rinda turadi. Chunki uning ko‘rinishi, tabiati, shaharsozligi ancha rivojlangan. Masalan, 2019 yil va 2021 yildagi Batumini solishtiradigan bo‘lsak, borganimda ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Batumini kichkina Dubay deyish ham mumkin. Uning havosi, tabiati, shaharning ko‘rinishi, shaharsozligi, odamlari umuman boshqa-boshqa dunyo. O‘ylashimcha, mana shu yuqorida sanab o‘tilgan faktlar bizni Gruziyaga chorlayapti va borib ko‘rishga undayapti.

O‘zbekistondan farqli ravishda Gruziya bir nechta yo‘nalishlarda o‘zining brendini hosil qilgan. Ulardan biri — vino, Gruziya vinosi bilan mashhur. Shuningdek, Borjomi suvi, u ham juda mashhur brend. Uchinchisi — dengiz hisoblanadi. Odamlar Qora dengiz sohillarini ko‘rishga intilishadi. Dengizdan boshlab, tog‘larigacha chiroyli tabiatiga ega. Uning O‘zbekistondan ancha kichkina, lekin ko‘plab mashhur brendlariga ega. Shuning uchun ham O‘zbekistonga qaraganda muvaffaqiyatliroq.

Foto: Jamshid Xoliqulovning shaxsiy arxividan.

Bizda qanday brendlar bor? Birinchi navbatda, O‘zbekistonga kelishga majbur qiladigan, biror brend, nom yoki mahsulot soni juda kam. Tan olish kerak, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy obidalarga boy shaharlarimiz mavjud, ammo turistlarni faqatgina tarixiy obidalar emas, boshqa narsalar ham jalb qiladi. O‘zbekiston ham bir nechta sohalarda o‘zining brendini yaratishga va o‘shanga qarab, insonlar taniydigan, tan oladigan, sayyohlarni chaqiradigan resurslarni yaratishga harakat qilishi kerak.

Gruziyada tungi hayot juda zo‘r. Men ikki marta borganimda ham Tbilisi va Batumining markazlaridagi mehmonxonalarda qolganman. Shuni guvohi bo‘ldimki, odamlar doim ko‘chada, deyarli uxlashmaydi. Qandaydir xursandchilik qilishadi, do‘stlar davrasida bo‘lishadi, muhimi ular bir-biri bilan doimiy aloqada. Kommunikatsiya yaxshi rivojlangan. O‘zbekistondan farqli ravishda kafe, restoranlar uzluksiz xizmat ko‘rsatadi. Toshkentda soat 23:00 dan keyin borish uchun joylar deyarli qolmaydi. Faqat kafe, restoranlar emas, boshqa joylarni ham nazarda tutyapman. O‘rtada juda ko‘p farqlar bor.

Foto: Jamshid Xoliqulovning shaxsiy arxividan.

Mening fikrimcha, Toshkentda, asosan, ko‘ngilochar joylar, yaxshi restoranlar, kafelar, istirohat bog‘lari 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi kerak. Endi-endi supermarketlar bu tartibda ishlashni boshladi. Hozirda ayrim Fast-food`lar kechgacha ishlayapti, xolos. Lekin asosiy faoliyat yuritadigan restoranlar, dam olinadigan joylar soat 23:00, balki 00:00 dan keyin yopiladi. O‘ylaymanki, asosiy hayot kechki payt boshlanishi kerak, ya’ni odamlar dam olishi kerak. Ular bir-biri bilan suhbatlashishi, gaplashishi, o‘yin-kulgu qilishi, bu aynan kechki payt sodir bo‘lishi kerak. Shunda rivojlanish bo‘ladi. Bu narsa chetdan keladigan turistlar oqimining anchagina ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonga chet davlatdan, Rossiya, Belorussiya, Ukrainadan juda ko‘p mehmonlar kelishni boshladi. Ularni asosan ushlab qoladigan narsalarni yuqorida sanab o‘tdik. Odamlar kun davomida ishlab yo‘qotgan energiyasini tiklashi, qilgan mehnatining hordig‘ini chiqarishi uchun dam oladigan, suhbatlashadigan, fikr almashadigan joy kerak. Demakki, shunday joylarni ko‘paytirish yoki ish vaqtlarini erkinlashtirishimiz kerak.

Foto: Jamshid Xoliqulovning shaxsiy arxividan.

5 yildan so‘ng, dengizni ko‘rgan o‘zbekistonliklar soni hozirgiga qaraganda ortadi. O‘zbekistonliklar oxirgi paytlarda juda ko‘p sayohat qilishyapti, juda yaxshi. Demak, bu nimadan dalolat beradi? Odamlar yaxshi pul topishyapti, ya’ni yaxshi deganda o‘zimizga yaqin, dengizi bor davlatlar, Turkiya, Gruziya, Rossiya yoki Dubayga borishga kuchi yetyapti. Bu juda yaxshi.

«Gazeta.uz» avvalroq ushbu materialning 1-qismi — fotojurnalist Madina Nurman, PR mutaxassis Bobir Abidov va PR mutaxassis Abror Ismoilov bilan uyushtirilgan suhbatni e’tiboringizga havola qilgandi.