Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlariga Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan yuritiladigan «Yashil makon» va boshqa platformalardan foydalanish imkoniyatini yaratiladi. Bu prezidentning 11 avgustdagi farmonida aks ettirilgan.

Hujjatga ko‘ra, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlariga mahallalarda ekologik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha quyidagi vazifa va vakolatlarni berish orqali «Ekologik patrul» ishlash tizimini kengaytiriladi:

  • mahallalarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shuningdek, brakonerlikka qarshi kurashish;
  • ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar hamda brakonerlikka qarshi kurashish bo‘yicha bevosita ma’muriy javobgarlikka tortish va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish.

Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari, Patrul-post xizmati xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 30 foizi miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Bundan tashqari, Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari ham ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik holatlarini aniqlashi va zarur choralar ko‘rishi natijalariga ko‘ra pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.