Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbari Narzulla Oblomurodov to‘rtta xizmat mashinasidan foydalanishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi.

Avvalroq, Rost24 nashri o‘zining ishonchli manbasiga tayanib, qo‘mita rahbari «Mercedes», «Toyota 200», «E-bora» va «Volkswagen ID-6» avtomobil xizmat qilishini ochiqlagandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi buni «asossiz xabarlar» deya qayd etdi va qo‘mita rahbariyati xizmat avtomashinalaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalarga asosan foydalanib kelayotganini ma’lum qildi.

«Qo‘mita raisiga 1 ta „Mersedes“ avtotransport vositasi biriktirilgan. Shuningdek, zarur hollarda xizmat vazifasini o‘tash davomida olis va chekka hududlarga xizmat safari vaqtida yoqilg‘i xarajatlarini tejash maqsadida texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan xarid qilingan navbatchi elektromobil ishlatilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilishinicha, shu yilning o‘tgan davrida qo‘mitaning barcha hududiy bo‘linmalari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarining olis va chekka hududlarida joylashgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida 40 dan ortiq avtotransport vositalari («Niva», elektromobil, «Damas») xorijiy hamkorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan xarid qilingan. Ushbu avtotransport vositalari xaridi uchun budjet mablag‘lari umuman sarf qilinmagani aytilmoqda.

Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on, asoslanmagan axborotni tarqatganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida tegishli javobgarlik normalari belgilanganini eslatib o‘tgan.

«Gazeta.uz» 2021 yilning dekabrida vazirlik va idoralarning xizmat avtomashinalari parkini tahlil qilib, mamlakatning yuqori martabali amaldorlari qanday avtomobillardan foydalanishini aniqlagandi. O‘shanda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisiga Mercedes-Benz E 450 rusumli (2019 yilda ishlab chiqarilgan), birinchi o‘rinbosariga Toyota Prado (2016 -yil), yana ikki o‘rinbosarga — Captiva ajratilgani haqida yozgandik.

2021 yil yakunidagi xabarlarga asosan, Ekologiya qo‘mitasining xizmat avtomobillari ro‘yxatidan UAZ Patriot, Cobalt, Damas, Lada Niva va XRAY, Hyundai H-1 avtomobillari ham o‘rin olgan.