Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli UNG Petro avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 rusumli benzini yo‘qligi haqida xabarlar tarqaldi. Kompaniya bu xabarlarni asossiz deb atadi.

«„O‘zbekneftgaz“ AJning Toshkent shahri va viloyatiga qarashli AYOQSHlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzin narxi 6800 so‘mdan sotilayotgani va yetishmovchilik kuzatilmayotgani borasida rasman ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, «O‘zbekneftgaz» iste’molchilar tomonidan O‘zbekistonda eng ommabop benzin markasiga bo‘lgan talab ortib borayotganini qayd etdi. Iyun oyida o‘rtacha bir kunda 529 tonna sotilgan bo‘lsa, iyul oyiga kelib o‘rtacha bir kunda 611 tonna yoki 82 tonnaga talab oshdi. Avgust oyida esa talab yanada oshib borayotgani kuzatilmoqda, deya qayd etdi xolding.

Xabarda iste’molchilarning 65 foiz ehtiyojini «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan ishlab chiqilgan benzin hisobidan, qolgani boshqa ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar tomonidan qoplanishi qayd etildi. Ayni paytda Buxoro neftni qayta ishlash zavodini benzin ishlab chiqarish uskunalari 110 foiz quvvatda ishlamoqda.

AI-80 benzini yanvardan 15 iyulgacha fond birjasida 10,9 foizga — 8,1 mln so‘mdan 8,99 mln so‘mga qimmatlashgani haqida xabar bergandik, biroq bugungi kunda narxlar 7,88 mln so‘mga tushgan. «O‘zbekneftgaz» AYOQSHlarida chakana narx litri uchun 6800 so‘m darajasida qolmoqda, biroq xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 7000 so‘mdan 8600 so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilgan. Kompaniya import qiluvchilar yuqori oktanli benzinni kamroq import qila boshlaganligi sababli AI-80 ga talab ortganini ma’lum qildi.

Ushbu vaziyat fonida hukumat 15 iyuldan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportini to‘xtatishga qaror qildi.