Andijon va Toshkent shahrida o‘qishga kiritish va ko‘chirish bilan bog‘lik noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu xaqda DXXning maxsus kanalida xabar beriladi.

DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon tumanida yashovchi shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Andijon shahridagi oliygohlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtda ushlandi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi shaxs firibgarlik yo‘li bilan mahalliy fuqarodan uning tanishini poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga o‘zining tanishi orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ishga aloqador bo‘lgan ushbu oliy ta’lim muassasasi xodimi ham 5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, guyoki o‘zini DTM xodimi deb tanishtirgan magistrant tanish fuqarodan uning Tojikistondagi institutlaridan birida ta’lim olayotgan qarindoshining o‘qishini Toshkent shahridagi OTMlardan biriga ko‘chirib berish evaziga $3 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bekobod shahar IJQK departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahridagi MCHJlardan birining ish boshqaruvchisi fuqarodan uning Tojikistondagi o‘qiyotgan qarindoshini Toshkentga ko‘chirib berish evaziga $2200 olgan vaqtida ushlandi.

Xuddi shunday, Bekobod tumanida yashovchi fuqaro xozirda Tojikistondagi universitetlardan birining talabasi mazkur oliygohdagi boshqa talabaning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berish evaziga 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.