Yirik hajmdagi o‘g‘rilikni sodir etgani uchun ichki ishlar organlari qidirayotgan O‘zbekiston fuqarosi AQShda qo‘lga olindi. Bu haqda IIV xabar bermoqda.

Unga Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdorda) bilan ayblov qo‘yilgan. Biroq, xabarda aynan qancha miqdordagi mablag‘lar o‘g‘rilanganiga aniqlik kiritilmagan.

O‘zbekiston Interpol MMB xodimlari va AQShning vakolatli organlari bilan olib borilgan muzokaralar, qo‘shma tezkor harakatlar va axborot almashinuvi natijasida Amerika qidiruvdagi shaxsni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Jinoyatchi AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) xodimlari hamkorligida Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportga olib kelindi va O‘zbekiston Interpol xodimlariga topshirildi.

Avvalroq, Interpol byurosi Qirg‘izistonda rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va kontrabandaga sheriklik ayblovi bilan qidiruvda bo‘lgan shaxsni O‘zbekistonda ushlagandi.