O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaydi. Bu haqda Mehnat vazirligi xabar berdi.

2022 yilning iyun oyida vazirlik huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari tomonidan O‘zbekistonning 108 ta shahar va tumanlarida ijtimoiy so‘rov o‘tkazilgan. Tadqiqot davomida 500 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 5 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26,5 ming nafar fuqarolar qamrab olingan.

2022 yilning 1 iyun holatida mehnat resurslari soni 19 453,3 ming kishini tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 100,8 foizga yoki 153,7 ming kishiga oshgan:

  • Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar — 13 773,6 ming kishi (2021 yilga nisbatan 1,9 foiz yoki 261,3 ming kishiga ko‘p);
  • Rasmiy sektorda — 6 074,4 ming kishi (2021 yilga nisbatan 4,1 foiz yoki 240,6 ming kishiga oshgan);
  • Norasmiy sektorda — 5 690,3 ming kishi (2021 yilga nisbatan 8,2 foiz yoki 507,5 ming kishiga kamaygan).

Bunda asosan, norasmiy tarzda faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi hamda bo‘sh turgan yerlarni ekin maydonlari sifatida dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun ajratib berilishi hisobiga erishilgan.

Shuningdek, xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketganlar 2 mln 8800 kishini tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 528,2 ming kishiga oshishi norasmiy bandlarning kamayishiga sabab bo‘lgan.

O‘tkazilgan tadqiqot natijasida 1 mln 326,6 ming kishi ishga muhtojligi (yil boshida — 1 mln 441,8 ming kishi), ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 8,8 foizni (9,6%) tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. 16−30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi 14,5 foiz (15,1%), ayollar orasida esa 12,8 foizgacha tushdi.

2022 yilning 1 iyul holatida respublikada iqtisodiy nofaol aholi 4 mln 353,2 ming kishiniga teng, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,9 foizga yoki 38,8 ming kishiga ortgan.

Bunda, ishlashni xohlamaydigan yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar o‘tgan yilga nisbatan 183,6 ming kishiga kamaygan bo‘lsa, ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotgan talabalar hamda tug‘ruq ta’tilidagi ayollar soni 222,4 ming kishiga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvar holatida O‘zbekistondagi mehnat resurslari soni 19 million 345 ming kishini tashkil etgandi. Mamlakatda 1 million 441,8 ming kishi ishga muhtoj bo‘lib, ishsizlik darajasi 9,6 foizga yetdi. Yoshlar orasida ishsizlik darajasi 15,1 foizni, ayollar orasida esa 13,3 foizni tashkil etdi.