Germaniya hamkorligida iqlim o‘zgarishi sohasida yangi mintaqaviy loyihasi amalga oshiriladi. Ekoqo‘mita va GIZ tomonidan buni ko‘zda tutuvchi loyiha imzolandi.

Grant loyihasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Uning umumiy qiymati 10 mln yevroni tashkil etadi va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi hamda 2022−2026 yillarda implementatsiya qilinadi.

Loyiha GIZ`ning “Yashil Markaziy Osiyo” mintaqaviy dasturi doirasida ishlab chiqilgan.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, uglevodorodlardan foydalanishni qisqartirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shunday qilib, 2030 yilga kelib energiya samaradorligi ko‘rsatkichi ikki baravar oshishi va yalpi ichki mahsulotning uglerod iste’molini pasayishi kutilmoqda.

Loyihaning amalga oshirilishi Ekoqo‘mita hamda iqlim o‘zgarishi sohasidagi davlat idoralari mutaxassislari uchun kadrlar salohiyatini institutsional mustahkamlash va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqlim kun tartibi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga va o‘zaro transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Shu bilan birga, xalqaro moliya institutlari va boshqa xalqaro tashkilotlarga moliyalashtirish uchun loyiha takliflarini ishlab chiqishda ko‘maklashadi.