Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXX ikkita hududda noqonuniy o‘qishga kiritish bilan bog‘liq holatlarni aniqladi, deb xabar berdi Departament matbuot xizmati.

Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro A. A. boshqa bir fuqaro S.ning ishonchiga kirib, uning qizini 10200 dollar evaziga Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. U kelishilgan pulning 5000 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro Sh.O‘. boshqa bir fuqaro O‘.ni tanishlari yordamida 1800 dollar evaziga Toshkent moliya institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. U kelishilgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik), 28 va 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.