Payshanba kuni ertalab bloger Nikita Makarenko Toshkentning Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasidagi 28-uy yaqinida 4 ta katta (ulardan biri kasal) va 7 ta mayda daraxtning ildiz tizimi shikastlangani haqida xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchilar daraxtlarning tagini iyun oyidayoq ochishgan (yuqoridagi rasm), hozir esa «tuproq bilan yopish orqali ekologik jinoyatni yashirishga urinmoqda».

Nikita Makarenkoning aytishicha, o‘zini Discovery Invest vakili sifatida tanishtirgan erkak «uni jismoniy kuch ishlatish bilan qo‘rqitgan, telefonni tortib olishga uringan va qo‘llaridan changallagan».

«Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov voqea joyida bo‘lib, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakillari, Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, qurilish ishlarini olib borayotgan Millimetre Construction Company vakillari hamda 28-uyda yashovchilar bilan suhbatlashdi.

«Daraxtlarga tegishning nima keragi bor?»

Jurnalist voqea joyiga soat 12:30 da yetib kelganida, Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlari allaqachon huquqbuzarlik yuzasidan dalolatnoma tuzishayotgan edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari davomida ishchilar tomonidan 2−3 yoshli 7 tup kashtan daraxti va 50 yoshdan oshgan 5 tup chinorning ildizlari ochilgan ekan. Yosh ko‘chatlar prezident tomonidan e’lon qilingan «Yashil makon» umummilliy dasturi doirasida yaqinda ekilgan bo‘lgan.

Xodimlardan birining aytishicha, chinorlarning ildiz tizimi yerga chuqur kirib ketgan, yosh kashtanlarda esa u hali ham yer yuzasida, shuning uchun birinchi navbatda ularni saqlab qolish choralari ko‘riladi. Qo‘mita vakillari ikkita yosh daraxt «aniq shikastlangan», qolganlari dendrologlarning xulosasini talab qilishini tasdiqlashdi. Keyinroq Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi «Daraxtlarning ildizi o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangani»ni ma’lum qildi.

Nikita Makarenkoning aytishicha, quruvchilar daraxtlarning tagini bir oy oldin qazib olishgan, biroq internetda e’lon qilinmaguncha hech kim qonunbuzarliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchilar 11 avgustdan boshlab shoshilinch ravishda ildiz tizimini tuproq bilan qoplashni boshlagan.

Davlat ekologiya qo‘mitasining Biologik xilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov voqea joyida hech qanday daraxt kesilmagani, lekin o‘simliklarning o‘sishiga zarar yetkazilgani, sug‘orish tizimi demontaj qilinganini aytdi. Mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 3-qismi (yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki o‘zlariga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik / mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzildi.

«obyektiv bo‘lish kerak. Mana bu daraxt allaqachon qurishni boshlagan. Buni hozirgi holat bilan bog‘lash noto‘g‘ri bo‘ladi», — deydi u.

Abdurashid Sodiqov loyihaga ko‘ra, ushbu hududda yozgi ayvon qurish rejalashtirilganini ta’kidladi. «Tadbirkorlik butun dunyoda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yozgi ayvon bo‘ladi. Men bunga qarshi emasman, lekin daraxtlarga tegish, ularning ildiz tizimini ochishning nima keragi bor? Nega ular bu daraxtlarga zarar yetkazganini men ham tushunmayapman», dedi u.

Ekologiya davlat qo‘mitasining quruvchilarga tayanib xabar berishicha, go‘yoki uyning fasadini ta’mirlash va kafe bilan yozgi ayvon qurish loyihasi prezidentga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov bundan keyingi ishlar Ekologiya davlat qo‘mitasi nazoratida amalga oshirilishini aytdi. «O‘zingiz ham bilasiz, biz tabiat qo‘riqchilarimiz… Gapingizga qo‘shilaman, [bunday holatlar] bo‘lib turadi. Biz tez munosabat bildiramiz», dedi u.

O‘z shaxsiy tashabbusi bilan yoki xayriya loyihasi

Millimetre Construction Company vakili Shahzodning aytishicha, kompaniyaning o‘zi 28-uy fasadini va uning atrofini ta’mirlash tashabbusi bilan chiqqan.

«Biz ko‘tarish uchun daraxtlar yonida beton qoplama qilmoqchi edik … Tuproqni ozroq olib tashlamoqchi edik, ildizlar chiqib qolganini ko‘rdik. [Ishni] to‘xtatdik va darhol yangi tuproq bilan yopdik. Hozir daraxtlar zarar ko‘rmasligi uchun betonni qanday ehtiyotkorlik bilan quyish haqida o‘ylayapmiz. Keyin sug‘orish tizimini o‘rnatib, yashil maysazor qoplashni rejalashtiryapmiz. Daraxtlarni saqlab qolamiz, deb va’da beramiz», dedi u.

Undan loyiha bo‘yicha hujjatlar va buyurtmachi haqida so‘ralganda, hozir tayyorlanayotganini aytishdi. «Biz buni o‘zimiz qilamiz. Buni faqat yaxshilik uchun, go‘zallik uchun qilamiz. Buyurtmachi kim? Hech kim, o‘zimiz», — dedi Shahzod.

Jurnalistlar bilan suhbatga hokim Anvar Sayfutdinov aralashib, ish jarayonida faqat bitta daraxtning ildizi shikastlangani, qolganlari zarar ko‘rmaganini ta’kidladi.

«O‘sha quruvchilar daraxt ildizlariga beparvolik bilan tegib ketishgan, hozir ularni [ekologiya boshqarmasi] jarimaga tortyapti. Ular jazosini oladi va jarima to‘laydi. Men bu xayriya Discover Invest kompaniyasi tomonidan ekanligini tushuntirmoqchiman. Millimetre Construction Company subpudratchi (kompaniya vakili ular pudratchi ekanliklarini va hamma narsani o‘z tashabbusi bilan bajarganlarini da’vo qildi — tahr.). Bu namuna sifatida amalga oshirilayotgan xayriya loyihasidir. Xayriya ishlarida buyurtmachi bo‘lmaydi», — dedi u.

Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov jurnalist va blogerlar bilan suhbatda.

Tuman hokimligi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda 28-uy fasadini ta’mirlashni nazarda tutuvchi loyiha bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. «Eng muhimi, odamlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi, aholiga hammasi tushuntirildi, — dedi hokim yaqin atrofda turgan aholiga ishora qilib.

Millimetre Construction Company direktori Rustamjon Usmonov ishni ruxsat olmasdan bajarib, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, «Men xohlagan ishimni qila olaman, chunki bu mening pulim. Yoki sizning cho‘ntagingizdan shu ishni qilyapmanmi?» — dedi.

Shundan so‘ng hokim Millimetre Construction Company vakillaridan loyiha tafsilotlarini tushuntirib berishini uchun Discover Invest kompaniyasidan Javohirga qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi.

Uy fasadini yangilash.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda 28-uyda yashovchi Tamara Beloxatyuk va Irina Spirova qurilish kompaniyasi 25 may kuni aholi bilan ilk bor uchrashganini aytishdi. Ular ta’mirlashga qarshi emas, lekin deraza panjaralarini demontaj qilishga rozi bo‘lishmagan.

«Faktlarni oldimizga qo‘yishdi. Keyin biz rozi bo‘ldik. Keyin panjara va soyabonlarni kesib olishdi. Panjaralarni kesishayotganda ba’zilar uylarida yo‘q edi. Mening kichkina bolam bor, men to‘rtinchi qavatda yashayman. Biz yaqinda shu bola uchun panjara qo‘ygandik», — dedi u.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, loyihani bir yarim oyda yakunlash rejalashtirilgan bo‘lsa-da, uchinchi oydirki ishlar olib borilmoqda.

Uyning hovlisidagi demontaj qilingan panjaralar.

«Endi ishni 1 sentabrgacha tugatishga va’da berishyapti. Tuproq va chang ichida yashayapmiz. Ishchilar uy hududida ovqatlanishadi, qoldiqlarini, idishlarini tashlab ketishadi. Shu hududda uxlashadi. Ular baklashka bilan cho‘milishadi, shortilarigacha yechinishadi. Gap hovlining ichki tomoni haqida ketyapti. Lekin bu yerda daraxtlarning ildiz tizimini ochishgani, bu endi pichoq tomoqqa qadalgani… Hovlimizda demontaj qilingan panjaralar yotibdi, kimdir kechasi kelib, ularni o‘g‘rilashi mumkin. Bizga, shuningdek, keyinchalik panjaralarni o‘z hisobimizdan joyiga qaytarib o‘rnatishimizga to‘g‘ri kelishini aytishdi», — dedi Tamara Beloxatyuk.

Uy yaqinidagi skameykada o‘tirgan keksa ayol ham panjaralarning olib tashlanishiga qarshi ekanini aytdi. «Men yig‘ladim va qo‘llarim bilan panjaralarni ushlab oldim, lekin baribir ular uni kesib tashlashdi. Hamma aybni hokimlik zimmasiga yuklashdi», — deydi u.

Bobur ko‘chasidagi 40-uy fasadi.

Aholining iddao qilishicha, 28-uy fasadini ta’mirlash bo‘yicha pudratchi Bobur ko‘chasi, Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishgan 40-uy fasadini ta’mirlayotgan boshqa pudratchi bilan raqobatlashmoqda.

«Kim tanlovda g‘olib chiqsa, o‘sha Shota Rustaveli ko‘chasini to‘liq qiladi», deyishdi.

Hokim Anvar Sayfutdinov Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi g‘olibi qanday aniqlanishi haqida hozircha ma’lumotga ega emasligini aytdi.

«[Loyiha] hali tayyor emas. Tayyor bo‘lishi bilanoq hammasini rasman taqdim etamiz. Oldindan bir narsa deya olmayman», — dedi u.

13 iyul kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Shota Rustaveli ko‘chasini obodonlashtirish bilan birga to‘liq rekonstruksiya qilish, drenaj va irrigatsiya tizimlarini yaratish, piyodalar va velosiped yo‘laklarini qurish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Discover Invest 2008 yil sentabr oyida ro‘yxatga olingan. 56,9% ulush Ismoil Isroilovga, 43,1% esa kompaniya rahbari Abdurasul Zohidovga tegishli.

Ismoil Isroilov bungacha Akfa Engineering and Management kompaniyasi direktori va direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, Kolorpak bosmaxonasi (36,7%) va Zo’r TV (50%) ga egalik qiladi yoki ulushga ega. Abdurasul Zohidov 2020 yil yanvar oyida Discover Invest direktori sifatida «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan (u Tashkent City va «Ashxobod» bog‘larini, kongress markazli Hilton mehmonxonasi, Imzo va Artel, Akfa Medline hamda boshqa obyektlarni qurgan).

Intellektual mulk agentligining «Intellektual mulk» axborot-qidiruv tizimiga ko‘ra, Discover Invest savdo belgisi Power Construction Planet kompaniyasiga (hozirgi Discovery Invest) tegishli bo‘lib, belgini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza (patent) yagona ta’sischisi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘lgan J-United Group tomonidan berilgan. Ushbu kompaniya jami 200 dan ortiq savdo belgilariga, jumladan Discovery Invest Akfa`ga egalik qilgan. Hozir ularning soni 23 taga kamaygan.

Yaqinda Toshkentning Chilonzor tumanidagi Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish chog‘ida 100 dan ortiq daraxt ildizlariga zarar yetkazilishi bilan bog‘liq janjal avj oldi. Bu haqda bong ko‘targan faollar orasida Nikita Makarenko ham bor edi. Shundan so‘ng prezident topshirig‘iga ko‘ra Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan bo‘shatildi, Toshkent hokimi va prokuroriga esa «vazifa vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgani uchun» qattiq hayfsan oldi.