9−18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha yana 21 ta medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati.

Taekvondo bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Ulug‘bek Rashitov -68 kg vazn toifasida ozarbayjonlik Javad Ag‘ayevni 2:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi — erkin kurashchi G‘ulomjon Abdullayev (-57 kg) finalda qirg‘izistonlik raqibini 10:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Parasuzuvchi Azizbek Boynazarov to‘rtta — 100 metrga batterflyay va 200 metrga kompleks usulida suzishda oltin, 100 metrga chalqancha usulda suzishda kumush va 100 metrga brass usulida suzishda bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Olga Zabelinskaya velosportning shosse yo‘nalishida ham bosh mukofotni qo‘lga kiritdi.

Yanina Kuskova esa shosseda ikkinchi o‘rinni egalladi.

Sport gimnastikasi bahslarida ko‘pkurash bo‘yicha jamoaviy dasturda ishtirok etgan Rasuljon Abdurahimov, Abdulla Azimov va Habibullo Ergashev O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga kumush medalni olib keldi. Rasuljon Abdurahimov badiiy gimnastika bo‘yicha ko‘pkurash dasturida qatnashib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Parasuzuvchi Baxtiyor Ortiqov 50 metrga chalqancha usulda suzish bellashuvida kumush medalga loyiq deb topildi.

Yengil atletikaning 400 metrga yugurish dasturida Farida Soliyeva 54.07 natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga yana bir kumush medalni ayollar o‘rtasidagi kurashda -59 kg vaznda Jasmina Immayeva olib keldi.

Ushbu sport turida o‘zbekistonlik yana bir sportchi -59 kg vazn toifasida Dilfuza Aimbetova bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasidagi erkin kurashda -66 kg vaznda Ixtiyor Navro‘zov uchinchi o‘rin uchun bahsda Isroil vakilini mag‘lub etib, bronza medaliga ega bo‘ldi.

Nayza uloqtirish bahslarida Nargiza Qo‘chqorova 56.08 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

-63 kg vazn toifasidagi taekvondo bellashuvlarida Niyoz Po‘latov yarim finalda marokashlik Abdelbasset Vasfiga imkoniyatni boy berdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasidagi taekvondo bahslarida Charos Qayumova -53 kg vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Uzunlikka sakrashda Roksana Xudoyorova 6.32 metr natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Yana bir bronza medalini erkin kurash bo‘yicha musobaqalarda Magomed Ibragimov (-97 kg) olib keldi. U uchinchi o‘rin uchun bahsda turkmanistonlik polvonni mag‘lub etdi.

Aleksey Fomovskiy veloshosseda uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Avvalroq O‘zbekiston velosportchilari beshta — Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova ikkita kumush, Aleksey Fomovskiy va Sofiya Karimova bronza medallarini qo‘lga kiritgandi.