Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar professional ta’lim muassasalariga kirish uchun ham ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bunda abituriyentlar OTMlarga kirish test sinovlarida to‘plagan ballari bilan professional ta’lim muassasalariga kirish uchun tanlovda ishtirok eta oladilar.

Buning uchun quyidagi shartlar bajarilishi lozim:

  • abituriyent professional ta’lim muassasasiga kirish uchun tanlayotgan ta’lim yo‘nalishining fanlar majmuasi va ketma-ketligi OTMarga kirish uchun tanlagan ta’lim yo‘nalishining fanlar majmuasi bilan bir xil bo‘lishi kerak;
  • abituriyent oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan bo‘lishi kerak;
  • professional ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tishda mazkur imkoniyatdan foydalanishni tanlashi kerak.

Agar mazkur shartlar bajarilmasa yoki abituriyent mazkur imkoniyatdan foydalanishni istamasa barcha abituriyentlar kabi professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etishiga to‘g‘ri keladi.