Shaxmat olimpiadasi chempionlariga pul va mashina mukofotlari topshirildi

Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘oliblari Toshkent aeroportida kutib olindi. Chempionlarga 600 mln so‘mdan pul mukofoti va Equinox avtomobili topshirildi.

«2026 yilgacha O‘zbekistonda qanday holat bo‘ladi?», degan ikkilanishlar ham bo‘ldi — Alisher Sa’dullayev

Alisher Sa’dullayev 2026 yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini O‘zbekistonda o‘tkazish qaroriga erishish oson kechmaganini ma’lum qildi. FIDE Bosh Assambleyasida jahondagi vaziyatdan kelib chiqib, viza, mamlakatga kirib-chiqish va boshqa masalalarda ko‘plab savollar berilgan.

«Zarafshon» milliy tabiat bog‘i Ekoqo‘mita tizimiga o‘tkazildi

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tarkibida bo‘lgan «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi. Mutasaddi idora tomonidan bog‘ bo‘yicha nizom ishlab chiqish va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni 3 oy ichida amalga oshiriladi.

Magic City`dagi fotograflar janjali pichoqbozlik bilan yakunlandi

Magic City bog‘ida ikki fotosuratchi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal vaqtida ulardan biri ikkinchisiga pichoq o‘qtaldi. Jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatildi, uning ahvoli qoniqarli ekanligi aytilmoqda. Gumondorga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

«Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Hukumat qaroriga ko‘ra, «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. U bilan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrashda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritganlar taqdirlanadi. Ularga BHMning 4 baravari — 1,2 mln so‘m pul mukofoti ham beriladi.

O‘zbekistonda litsenziyasi bo‘lmagan kriptobirjalarga kirish cheklandi — ILMA

Kriptoaktivlar aylanmasi sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mashhur kriptobirjalarning saytlariga kirish ularning faoliyat yuritish uchun litsenziyasi bo‘lmagani sababli bloklanganini ma’lum qildi.

Farg‘onada yashovchi shaxsdan 13 kgga yaqin narkotik modda musodara qilindi

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro o‘z hovlisida 17 tup «marixuana» yetishtirganlikda gumonlanmoqda. Uning xonadonida salkam 13 kg «nasha» va «ko‘knori» borligi aniqlandi.

Sirdaryodan Tojikiston orqali Qo‘qonga boradigan avtobus yo‘lga qo‘yiladi

Tez kunlarda «Guliston — Qo‘qon» yo‘nalishida Tojikiston orqali harakatlanuvchi yangi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yo‘l haqi 50 ming so‘m atrofida bo‘ladi, yo‘lovchilardan xorijga chiqish pasportini olish talab etiladi. Yo‘lovchilarni Tojikiston hududida tushirish va olish taqiqlanadi.

Toshkentda birinchi ipoteka markazi ochildi

Toshkentning Yashnobod tumanida ipoteka markazi ochildi. U poytaxtda qurilayotgan uylar, unga xizmat ko‘rsatadigan banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida ma’lumotlar beradi. Qayd etilishicha, 2022 yilda ipoteka kreditlari uchun budjetdan 13 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Dori-Darmon» korxonasi xususiylashtiriladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Dori-Darmon» AJni xususiylashtirish uchun konsalting kompaniya jalb etishni rejalashtirmoqda. Korxonaning 51% aksiyalari paketi sotuvga qo‘yiladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

«Menga nisbatan tahdidlar boshlandi». O‘zbekistonlik yo‘lovchilar muammosini yoritgan o‘shlik jurnalist

Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida mahalliy taksi haydovchilarining O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘pol munosabati va bir necha barobar yuqori yo‘l haqi olishi kabi muammolarni yoritgan o‘shlik jurnalist Shohrux Soipov «Gazeta.uz» ga o‘ziga nisbatan tahdidlar bo‘layotganini ma’lum qildi.